JCh-2026: Germaniya dastlabki turda Kyurasaoga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, uchrashuvda ikki yirik rekord o‘rnatildi
Uchrashuv nemislarning 7:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati "E" guruhi 1-turi doirasida Germaniya milliy terma jamoasi Kyurasao termasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv nemislarning 7:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
G‘oliblar safida Kay Xavertz dubl qayd etgan bo‘lsa, Feliks Nmecha, Niko Shlotterbek, Jamol Musiala, Nataniel Braun va Deniz Undav raqib darvozasini bir martadan nishonga olishdi. Orol davlatining yagona javob goliga Livano Komenensiya mualliflik qildi.
Mazkur bahs jahon chempionatlari tarixiga bir yo‘la ikkita yirik rekord bilan kirdi. Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer faoliyatidagi 20-o‘yinini o‘tkazib, jahon chempionatlarida eng ko‘p maydonga tushgan darvozabonlar rekordini takrorladi. Kyurasao terma jamoasining 78 yoshli bosh murabbiyi Dik Advokat esa jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi katta murabbiyga aylandi.
Guruh bosqichining 2-turida Germaniya terma jamoasi 20-iyun kuni Kot-d'Ivuar bilan kuch sinashsa, Kyurasao 21-iyun kuni Ekvador termasiga qarshi maydonga tushadi.