“Jasorat maktablari”ning mard, botir o‘quvchilari tantanali va’da berdi
Surxondaryo viloyatidagi “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimlari yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tantanali marosimlardan biri Angor tumani markazidagi xushmanzara istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning viloyat hududiy rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalab, ularning ongu shuuriga tinch-totuv hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash fazilatlarini chuqur singdirish, barcha yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirish davlatimiz belgilab olgan muhim vazifalardan biriga aylandi.

Prezidentimizning 2024-yil 15-noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda. Joylardagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan “Jasorat maktablari” harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida umumta’lim maktablari uchun tayanch ta’lim dargohiga aylandi.

Angor tumanidagi “Jasorat maktabi” 35-umumta’lim muassasasida tashkil etilgan. O‘quv dargohida eng malakali ustozlar o‘quvchilarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, tarix, matematika, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika kabi fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rgatayotir. O‘g‘il-qizlar milliy qadriyatlarimiz, nafis madaniyatimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat ruhida kamolga yetib, qalbida halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari yuksak sifat va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. Jonajon Vatanimizning boy tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimiz, ayniqsa, sohibqiron Amir Temurning bebaho merosi, mamlakatimiz ozodligi va el-yurt tinchligi yo‘lida mardlik-jasorat ko‘rsatgan vatandoshlarimizning qahramonligi asosida O‘zbekiston xalqiga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan holda ulg‘aymoqda.

Marosimda tumandagi “Jasorat maktabi”da ta’lim-tarbiya olayotgan 26 nafar o‘quvchi Prezidentimizga, xalqimizga sadoqatli, mard, jasur farzand bo‘lishga va’da berib, harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlanayotganini namoyish etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri