Janubda zararli chigirtkalar urchishi jilovlanmoqda
Dunyoda iqlim o‘zgarib, qurg‘oqchilikning ortishi har yili ayrim mintaqalarda zararli chigirtkalarni ko‘paytirib, turli ekin va chorva yaylovlariga jiddiy talafot yetkazayotgani kuzatiladi. Mamlakatimizda bu holatning oldini olish uchun zararli chigirtkalar o‘chog‘i o‘rganilib, ularga qarshi zarur kimyoviy chora ko‘rilayotgani o‘z samaralarini bermoqda.
Surxondaryo viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati xodimlari ham bahor nafasi esib, kunlar isiy boshlashi bilan yaylov hududlarda zararli chigirtkalar tarqalishining oldini olish, ularning o‘choqlarini aniqlab, qarshi kurashish yuzasidan belgilab olgan chora-tadbirlari doirasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, chigirtkalar qishloq xo‘jaligi uchun eng xavfli zararkunandalardan biri sanaladi. U to‘da bo‘lib harakatlanib, yo‘lida uchragan barcha o‘simliklar, jumladan, arpa, bug‘doy, makkajo‘xori, beda, g‘o‘za va poliz ekinlarini juda tez yeb, qishloq xo‘jaligiga jiddiy tahdid soladi. Yaylovlardagi o‘simliklarni nobud qilib, chorvachilikka zarar yetkazadi.
Vohada belgilab olingan rejaga muvofiq, tuman hokimlari va chigirtkaga qarshi kurashish agronom-mutaxassislari hamkorligida hududlarda zararli chigirtkalar tarqalishini aniqlash, ularga kimyoviy qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish uchun yetarli ishchi kuchi, texnikalarni jalb etish, chigirtkalar o‘choqlarini kimyoviy ishlov yordamida yo‘qotishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun joylardagi aloqador mas’ullar va barcha toifadagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham jalb etilayotir.

– Mamlakatimizning janubdagi vohasida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yetakchi tarmoqlardan biri, – deydi viloyat chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig‘i Davron Tangirov. – Hududlarga chigirtkalar asosan tog‘oldi va tog‘ zonalaridagi texnikalar yura olmaydigan joylardan kirib kelish xavfi mavjud. Shuningdek, qo‘shni davlatlar chegarasidan ham o‘tib kelish holatlari uchraydi. Viloyatda zararli chigirtkalar urchishining oldini olish uchun joylarda 11 ta otryad tuzib, maxsus dislokatsiya asosida joylashtirdik. Yetarli maxsus texnika va kimyoviy preparatlar bilan ta’minlandi. Jumladan, 48 ta motorli qo‘l apparati, 5 ta “OVX-600”, 19 ta “VP-1” purkagichi, 12 ta “Isuzu” pikap avtomashinasi, kuzatuv nazorat ishlarini olib borish uchun 12 ta mototsikl, yuzdan ortiq malakali ishchi-xodim biriktirildi. Kuzatuv ishlari yanada kengaytirilib, zararlangan hududlarni to‘liq qamrab olish, texnika va ishchi kuchlarini optimal taqsimlab, kimyoviy ishlovlarni belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha viloyatda 23 ming 290 gektar yaylov maydoni kuzatuvdan o‘tkazilib, 8 ming 811 gektar yerda zararli chigirtka tarqalish xavfi borligi aniqlangan. Bu hududlarda chigirtkalar zichligi bir metr kvadrat maydonda o‘rtacha 100-180 donani tashkil etgani qayd qilingan. Bu holat ularning faol rivojlanish bosqichida ekanini ko‘rsatadi. Chigirtkalar bilan zararlangan hududlarda tezkor choralar ko‘rish uchun kimyoviy preparatlar qo‘llanilib, shu kungacha 7 ming 330 gektar maydonga sifatli ishlov berildi. Yoki bir kunda o‘rtacha 958 gektar maydonda zararkunandalar tarqab ketishiga chek qo‘yilmoqda. Kimyoviy ishlov berilgan maydonlarning 1 ming 335 gektari motorli qo‘l purkagich, 502 gektari “OVX-600”, 2 ming 741 gektari “VP-600” purkagichi, 2 ming 702 gektari “ULV-1200” purkagichi yordamida amalga oshirildi.

– Viloyatda hozircha zararli chigirtkalar tarqalish xavfi Denov, Uzun, Sho‘rchi hamda Qumqo‘rg‘on tumanlari hududlarida mavjudligi aniqlanib, o‘z vaqtida zarur chora ko‘rilmoqda, – deydi D.Tangirov. – Bu hududlarda chigirtkalar soni nisbatan ko‘p bo‘lgani sababli texnika va boshqa kuchlar ko‘proq jalb etilib, ishlov hajmi kengaytirilmoqda. To‘g‘ri monitoring va o‘z vaqtida berilayotgan kimyoviy ishlovlar vohada zararli chigirtkalar tarqalishini jilovlash, ularning ko‘payish o‘choqlarini bartaraf etish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari va yaylovlarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tajribali mutaxassislar Denov tumanidagi Isliqi, Alamjahon, Lupon , Cho‘ntosh hududlarida 3 ming 400 gektar maydonda kuzatuv nazorat ishlarini olib borib, 1 ming 335 gektar maydonda zararli chigirtkalar tarqalganini aniqladi va o‘z vaqtida zararkunandalar yoyilishi bartaraf etildi. Uzun tumanining Serharakat, Fayzavo, Xursand, Dazira, Oqmachit, Malik hududlaridagi 6 ming 875 gektar maydonning 2 ming 641 gektariga chigirtka tarqalayotgani aniqlanib, sifatli kimyoviy ishlov berildi. Sho‘rchi tumanidagi Beshtom, Xushcheka, Taqirni havori, Besh tom, Ozod, Laylakxona, Qumqo‘rg‘on tumanining Sayon, “Ferma 2”, “Ferma 3” hududlaridagi zararli chigirtkalar o‘choqlariga ishlov berilib, tarqalish xavfi to‘liq bartaraf etildi.
Viloyatda zararli chigirtkalar tarqalishini jilovlashga qaratilgan samarali ishlar qishloq xo‘jaligi ekinlarining bir maromda rivojlanishi, yaylov va pichanzorlardagi o‘t-o‘lanlar betalafot, bir tekis unib-o‘sishiga xizmat qilmoqda, barqaror vaziyat saqlanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri