Janubda “Temur tuzuklari” bilimdonlari aniqlandi
Termizda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat kengashi buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” intellektual o‘yini tashkil etdi.
Unda viloyatdagi kuch tuzilmalarining oltita jamoasi ulug‘ ajdodimizning “Temur tuzuklari” asari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib, jamoa bo‘lib fikrlash, tezkorlik, mantiqiy yondashuv va tarixiy tafakkur bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Asardagi davlat boshqaruvi, adolat, harbiy intizom, vatanparvarlik, yoshlar tarbiyasi kabi g‘oyalar mazmun-mohiyati va ahamiyatini yanada teran angladi.


Qiziqarli bahs-munozaralar asosida o‘tgan intellektual o‘yinda birinchi o‘rin Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Bojxonachilar” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilarining “Lochinlar” va uchinchi o‘rinni mudofaa vazirligi qo‘mondonligining “Temur izdoshlari” jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri