Janubda paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Surxondaryo viloyatida 1 ming 850 fermer xo‘jaligi joriy yil uchun 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Paxta maydonlarining 31 ming 645 gektarida mahalliy, 4 ming 500 gektariga ingichka tolali va 31 ming 205 gektariga xorijiy navli paxta yetishtirilmoqda.
Voha paxtakorlari tajribali dehqonlar maslahati asosida mehnat qilib, salmoqli hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda pishib, yetilayotgan paxtani nobud qilmay tez kunlarda terib-yig‘ib olishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Buning uchun paxta terish mashinalari va tashish texnikalari shay holatga keltirildi. Terim otryadlari shakllantirilib, texnika va terimchilar biriktirilmoqda. Mavsumda ishtirok etadigan terimchilarga barcha sharoit yaratilyapti.

Angor tumanida 30 ga yaqin fermer xo‘jaligi 4 ming 450 gektar maydonda dehqonchilik qilmoqda. Mavjud maydonlarning 3 ming 363 gektarida mahalliy navli, 1 ming 87 gektarida xorijiy va 410 gektarida ingichka tolali paxta parvarishlanmoqda. Tumanda mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun 57 ta otryad tashkil etilib, 10 ming 500 dan ortiq terimchini jalb etish, 12 ta paxta terish mashinasidan foydalanish mo‘ljallangan.

Viloyat mutasaddilari shu kunlarda hududlarda bo‘lib, yig‘im-terimga jalb etiladigan texnikalar shayligini ko‘zdan kechirib, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalarini bermoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri