Energiya bilan ta’minlash ishlari atroflicha o‘rganildi
Qishning sovuq kunlarida xonadondagi birgina chiroqning yonishi, xonadonlarning iliqligi, maktab va bog‘chalar, shifoxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlarning uzluksiz faoliyati ortida katta mehnat, puxta hisob-kitob va mas’uliyat turadi. Zero, energiya ta’minoti — bu shunchaki kommunal xizmat emas, balki aholi turmush farovonligi, hududlar iqtisodiy barqarorligi va ijtimoiy hayotning bir maromda davom etishini ta’minlovchi muhim omildir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholiga qulay va munosib turmush sharoitlarini yaratish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mavsumiy ehtiyojlarni oldindan hisobga olib, zarur zaxiralarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Buxoro viloyati Olot tumanida ham tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.
Ayni kunlarda Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti tizimining mavjud holati, tarmoqlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonlari, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz energiya bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar avvalo tuman elektr tarmoqlari korxonasidan boshlandi. Bu yerda elektr ta’minoti tizimining texnik holati, mavjud quvvatlar va zaxira imkoniyatlari, transformator punktlari hamda tarmoqlarning mavsumiy yuklamalarga tayyorligi ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullar bilan muloqotda elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish, avariyaviy holatlarga tezkor munosabat bildirish, eskirgan tarmoq va jihozlarni bosqichma-bosqich yangilash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Zero, kuz-qish mavsumida energiya iste’moli keskin ortishi mumkin. Shu bois bugundan ko‘rilayotgan har bir chora ertangi barqarorlikka xizmat qiladi.
Ishchi guruh tomonidan “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti Olot tumani filialining dispetcherlik xizmati faoliyati ham o‘rganildi.
Mutaxassislar bilan suhbat davomida tabiiy gaz tarmoqlarining texnik holati, mavjud zaxiralar, avariyaviy holatlarni bartaraf etish imkoniyatlari hamda kuz-qish mavsumida iste’molchilarni barqaror gaz bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Ayniqsa, aholiga gaz yetkazib berishda uzluksizlikni ta’minlash, tarmoqlardagi bosim va texnik holatni doimiy nazorat qilish, murojaatlarga tezkor munosabat bildirish zarurligiga urg‘u berildi.
O‘rganishlar davomida Soyinqaravul Xidreyli hamda Boribek Chandir mahallalarida joylashgan ijtimoiy soha ob’ektlarining elektr ta’minoti holati ham ko‘zdan kechirildi.
Elektr taqsimlash punktlari, mavjud uskunalarning ishchanlik holati, tarmoqlarning ishonchliligi va ehtimoliy nosozliklarning oldini olish choralari tahlil qilindi.
Chunki maktabda ta’lim jarayoni, bog‘chada bolalar tarbiyasi, tibbiyot muassasasida inson salomatligi bilan bog‘liq xizmatlar bir lahza ham to‘xtab qolmasligi kerak. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni energiya bilan barqaror ta’minlash masalasi doimiy nazoratda bo‘lishi tabiiy.
Bugungi kunda Olot tumanida elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha jami 25 ming 103 nafar abonent mavjud. Ularning 23 ming 611 tasi aholi xonadonlari, 1 ming 492 tasi esa ulgurji iste’molchilar hisoblanadi. Tuman bo‘yicha o‘rtacha elektr energiyasi iste’moli 2,5 million kVt·soatni tashkil etmoqda.

Tabiiy gaz ta’minoti tizimida esa 6 ming 525 ta aholi abonenti va 136 ta ulgurji iste’molchi mavjud. O‘rtacha kunlik tabiiy gaz iste’moli 30–34 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Bu raqamlar ortida minglab xonadonlar, yuzlab tashkilotlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlari va butun bir hududning hayoti mujassam. Shuning uchun energiya ta’minotidagi har bir masalaga oddiy texnik vazifa emas, balki insonlar hayoti va manfaati bilan bog‘liq muhim vazifa sifatida yondashilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida aholi xonadonlaridagi elektr va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq holatlar ham o‘rganilib, iste’molchilarning murojaat va takliflari tinglandi.
Ayniqsa, aholini qiynayotgan masalalarni joyida aniqlash, ularning sabablarini tahlil qilish va yechimini kechiktirmasdan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini yanada yaxshilash, mavjud zaxiralarni mustahkamlash, ehtimoliy avariyaviy holatlarning oldini olish hamda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifa va tavsiyalar berildi.
Eng muhimi, bu vazifalar qog‘ozda qolib ketmasligi, har bir topshiriqning ijrosi aniq natija bilan o‘lchanishi zarurligi qayd etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri