Jamoliddin Abdullayev:«Haqiqiy notiq quloqqa emas, qalbga gapiradi» (+video)
«O‘zingdan boshla» loyihasining bu galgi mehmoni — O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining o‘zbek tili va adabiyot kafedrasi katta o‘qituvchisi, adabiyotshunos, tarixchi, notiq Jamoliddin Abdullayev.
— Siz auditoriyaga kirasiz. Qarshingizda esa kelajakda yirik media maydonida faoliyat yuritadigan yoshlar o‘tiradi. Ular sizdan nimanidir o‘rganish, yangi fikr va bilim olish umidida keladi. Talabalar oldiga chiqishdan avval o‘zingizga qanday talablar qo‘yasiz?
— Savolingiz juda o‘rinli. Bizda har qanday ish, avvalo, amaldan boshlanadi. Shu o‘rinda bir rivoyatni eslab o‘tmoqchiman.
Bir kuni bir ota-ona o‘g‘lini Hazrat Umarning huzurlariga olib kelibdi. «Bolamiz xurmoni juda ko‘p yeydi. Shifokorlar ham bu zarar ekanini aytishgan. Bizning gapimizga quloq solmayapti. Siz nasihat qilib qo‘ysangiz», deb iltimos qilishibdi.
Hazrat Umar ularga:
— Qirq kundan keyin kelinglar, — debdilar.
Oradan qirq kun o‘tib, ota-ona yana farzandini olib kelibdi. Shunda Hazrat Umar bolaga:
— O‘g‘lim, xurmoni ko‘p yema. Har narsaning me’yori yaxshi, — deb nasihat qilibdilar.
Ota hayron bo‘lib:
— Shu gapni qirq kun oldin ham aytishingiz mumkin edi-ku? — deb so‘rabdi.
Shunda Hazrat Umar:
— Men o‘zim ham xurmoni ko‘p yerdim. O‘zim amal qilmagan narsaga boshqani qanday chaqirishim mumkin? Avval o‘zimni qirq kun davomida bu odatdan tiyib oldim, keyingina nasihat qilishga haqli bo‘ldim, — degan ekanlar.
Men ham talabalarga biror mavzu haqida gapirishdan oldin o‘zim shu narsaga amal qilganmanmi, degan savolni beraman. Chunki o‘zi amal qilmagan narsani boshqalarga uqtirish samara bermaydi.
Yozuvchi Lev Nikolayevich Tolstoyning shunday so‘zi bor: haqiqiy notiq uch soat gapirgan odam emas. Ya’ni ko‘p gapirishlik bu notiqlik emas, balki yigirma daqiqa gapirib, tinglovchida uch soatlik ta’sir qoldira olgan inson haqiqiy notiqdir.
Shuning uchun har bir darsga tayyorgarlik bilan kirishga harakat qilaman. Kuchli notiq tayyorgarlik bilan gapiradi, eng kuchli notiq esa tayyorgarligi bilinmaydigan darajada puxta tayyorlanadi.
— Shogirdlaringizning aytishlaricha, dars jarayonida insoniy fazilatlar haqida ham ko‘p gapirar ekansiz. Aynan nimalar haqida, bu juda qiziq.
— Biz o‘tayotgan darslar hayotda ham asqatishi kerak. Shuning uchun talabalarimizga faqat nazariy bilim berish bilan cheklanmaymiz.
Men darslarimda ko‘pincha Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy hikmatlaridan misollar keltiraman.
Talabalarga shunday deyman: agar tanbeh bersak, maqsad kimnidir ranjitish yoki jazolash emas. Jaloliddin Rumiyning ta’biri bilan aytganda, odamlar gilamni yoki sholchani tayoq bilan urar ekan, maqsadi gilamni jazolash emas, balki chang va g‘uborlardan tozalash bo‘ladi. Shunday ekan, talabalarga tanbeh berar ekanmiz, bu orqali so‘z kaltagi ila ularni yomon illatlardan, “chang” va “g‘ubor”lardan tozalash asosiy maqsad bo‘ladi.
Yana bir muhim fikrni ko‘p takrorlayman: «So‘zingizning xaridori bo‘lmagan joyda so‘zingizni sotmang».
Bu fikrni mashhur mutafakkir Husayn Voiz Koshifiy aytgan. Menimcha, bu nafaqat notiqlar, balki barcha jurnalistlar uchun ham dasturilamal bo‘lishi kerak.
Chunki jurnalist jamiyatning oynasi, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prikdir. U haqiqat va adolatning tarafdori bo‘lishi lozim.
Men talabalar bilan munosabatlarda hurmat saqlanishini istayman, ammo o‘rtada ko‘rinmas devor bo‘lishini xohlamayman. Hurmat bo‘lishi shart, lekin talaba o‘z dardini, fikrini, qiziqishini bemalol ayta oladigan muhit ham bo‘lishi kerak.
Ko‘pchilik notiqlik san’atini faqat mikrofon oldida chiroyli gapirish deb tushunadi. Aslida esa notiqlik ancha keng tushuncha.
Jurnalist, bloger yoki boshlovchi ko‘proq insonning qulog‘iga murojaat qiladi, axborot yetkazadi. Notiq esa insonning qalbiga murojaat qiladi. Shu jihatdan notiqlikning ta’sir kuchi boshqacharoq
— Ayrim notiqlar, balki bilib yoki bilmay, tinglovchilarni manipulyatsiya qilib qo‘yadi. Aslida notiqlik san’atining maqsadi va vazifasi nimadan iborat?
— Hozirgi globallashuv davrida notiqlik san’ati ba’zi hollarda qurol vazifasini ham bajarib qolmoqda. Aslida esa notiqlikning mohiyati bundan ancha yuksak.
Alisher Navoiy asarlarida chiroyli va mazmunli so‘zning qudrati haqida ko‘p to‘xtalgan. Uning ta’kidlashicha, insonlarni o‘ziga jalb qiladigan narsa so‘zning tashqi bezagi emas, balki uning mazmuni va ma’nosidir.
Tarixda turli xil notiqlar bo‘lgan: siyosiy notiqlar, harbiy notiqlar, diniy voizlar, olimlar. Ular xalqni, hatto butun millatlarni ortidan ergashtira olgan.
Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rimda notiqlik alohida kasb hisoblangan. Ritorika ilmi yuksak darajada rivojlangan. Aristotel, Suqrot, Demosfen va Sitseron kabi buyuk shaxslar notiqlik san’atini yuksak darajaga olib chiqqanlar.
O‘sha davrlarda hatto shunday qarash bo‘lgan: dunyodagi eng kuchli ikki kasb — harbiylik va notiqlik. Chunki qilich inson tanasiga ta’sir qilsa, so‘z inson qalbi va tafakkuriga ta’sir qiladi.
Navoiy hazratlari ham so‘z qudrati haqida shunday fikr bildirganlar:
«Temurning tig‘i yetmagan joyga so‘z yetib boradi. Qorunning xazinasi yetmagan joyga ham so‘z yetib boradi».
Bu yerda Qorun juda katta boylik egasi bo‘lgan shaxs sifatida tilga olinadi. Ya’ni, moddiy kuch yetolmagan joyga ham ma’noli so‘z ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Tarixda shunday vaziyatlar bo‘lganki, qilich bilan hal bo‘lmaydigan muammolar ikki og‘iz oqilona so‘z bilan hal qilingan.
Lekin so‘zning kuchi qanchalik buyuk bo‘lsa, uning mas’uliyati ham shunchalik katta. Shuning uchun xalqimiz: «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir», deydi.
Bugungi kunda ayrimlar o‘zining gapirish mahoratidan foydalanib, odamlarni turli yo‘llarga boshlashi mumkin. Shu sababli har qanday chiroyli nutqqa emas, uning mazmuni va maqsadiga e’tibor berish lozim.
Mening nazarimda, haqiqiy notiqning vazifasi odamlarni manipulyatsiya qilish emas. U insonlarni yaxshilikka, ma’rifatga, adolatga va ezgulikka chaqirishi kerak.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/i37SJaxLtbs?si=M04NRilFGLM6WWQW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Doniyor Yoqubov (video),
Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj),
O‘zA