Jamiyat taraqqiyoti shijoatli yoshlar qo‘lida
Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va yetakchi xotin-qizlar ishtirokida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar “Qizlar akademiyasi” loyihasi bilan tanishib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish va istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, yoshlarning zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy salohiyati va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etish maqsadida “Zamonaviy kasblar” tanlovining Sergeli tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov 3 ta yo‘nalishda, jumladan, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi grafik dizayn” hamda ️“Eng yaxshi mobilografiya ishi” bo‘yicha tashkil etildi.

Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etib, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ishlari, kreativ g‘oyalari hamda amaliy yechimlari bilan o‘zaro bellashdilar.

Yakunga ko‘ra, g‘oliblar esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin sohiblari esa tanlovning shahar bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA