Jamiyat boshqaruvida Konstitutsiyaning o‘rni
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, harqanday davlatda jamiyat boshqaruvi faqat Konstitutsiya va shu asosda qabul qilingan Qonunlar orqali amalga oshiriladi. Shunday ekan, Konstitutsiya aholi farovonligi yo‘lidagi islohotlarning va bugungi kungacha erishgan barcha yutuqlarning huquqiy asosi hisoblanadi. Ayniqsa, mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilib, barcha sohalarda ilgari bo‘lmagan o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berayotgan hozirgi vaqtda buning ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz.
Darhaqiqat, o‘tgan yillarga nazar tashlar ekanmiz, davlatimiz rahbarining alohida e’tibori natijasida faqatgina Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar asosida aholining farovon hayoti bilan bog‘liq keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘lamiz.
Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 21-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Mazkur qaror bilan 2026-2030-yillarda jami 33 trillion 300 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish belgilandi.
Tadbir san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.