Eng faol ijtimoiy xodimlar saralanmoqda
Ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va salohiyatini oshirish, ularning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish maqsadida har yili “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tanlov Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilishi belgilangan. Shu kunlarda esa mazkur tanlovning Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tyapti.
Hudud bo‘yicha jami 720 nafar ijtimoiy xodim ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu soha vakillarining yuqori faolligidan dalolat beradi. Bugungacha ularning 394 nafari ishtirok etib, test sinovlari orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

– Jarayonlar test shaklida o‘tkazilmoqda. Javoblar topish uchun 45 daqiqa vaqt berildi. Testning 30 ta savoli ijtimoiy ish bo‘yicha, 5 tasi salohiyatni aniqlashga, 5 tasi esa psixologik ko‘nikmalar bo‘yicha bo‘ldi. Mazkur savollarga imkon qadar aniq va to‘g‘ri javob berishga harakat qildim. Endilikda tanlovning ikkinchi bosqichida keys taqdimoti va suhbat jarayonida ishtirok etamiz. Bunday loyihalar nafaqat bizga o‘z ustimizda ishlashda, balki yangi bilimlarni egallashda ham ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi Oqqo‘rg‘on tumani Hamzaobod mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Muqaddas Qahramonova.
Tanlovning test sinovlari davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.