Jamg‘armasi 5 milliard so‘mlik olimpiada g‘oliblari ma’lum bo‘ldi
Surxondaryo viloyatida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun umumiy jamg‘armasi 5 milliard so‘mlik fan olimpiadasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.
Olimpiadaning maktab bosqichida 30 ming, tuman va shahar bosqichida 5 ming 841 nafar iqtidorli o‘quvchi matematika, kimyo, biologiya, o‘zbek tili va adabiyoti, rus, ingliz tillari va informatika fanlari bo‘yicha test asosida o‘z bilim va zakovatini sinovdan o‘tkazdi.
Viloyat bosqichida eng iqtidorli 113 nafar 11-sinf o‘quvchisi ochiq-oshkora o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etib, 23 nafari g‘olib bo‘ldi.
Olimpiadada birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilar Termiz iqtisodiyot va servis universitetida to‘liq grant asosida o‘qish huquqini qo‘lga kiritib, har biri 12 million so‘mdan pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan iqtidorli o‘quvchilarga ham oliy ta’lim muassasasida grant asosida o‘qish uchun sertifikat topshirilib, 9 va 7 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

– Olimpiadada rus tili va adabiyoti fani bo‘yicha ishtirok etib, barcha bosqichlarda g‘olib bo‘ldim, – deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi 74-umumta’lim maktabi 11- sinf o‘quvchisi Nozima Abdumurodova. – 12 million so‘m pul mablag‘i bilan mukofotlandim. Grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Bellashuv kelajakda maqsadimga erishishim uchun yo‘l ochib berganidan xursandman. Bolalikdan rus tiliga qiziqishim baland. Maktabni tugatgach, universitetda o‘qib, rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lmoqchiman.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida fanlar bo‘yicha birinchi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarning ustozlariga besh million, ikkinchi o‘rin uchun uch million va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘qituvchilariga ikki million so‘m pul mukofoti topshirildi. Olimpiada g‘oliblari o‘qiyotgan maktablarning direktorlari birinchi o‘rin uchun yetti million so‘m, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun olti va besh million so‘mdan pul mukofoti berildi. Viloyat bosqichida eng yuqori natijalarni qayd etgan o‘quvchilarga ega bo‘lgan tuman, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirlari 50, 30, 15 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Joriy yil viloyatda ilk marta o‘tkazilgan noan’anaviy olimpiada o‘quvchi- yoshlarning ilm-fanga qiziqishini yanada oshirib, ularni va fidoyi ustozlarini munosib rag‘batlantirishga, kelajakda yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan yetuk kadrlarni tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA