Jahon sahnasida o‘zbek startaplari: Global Startup Awards g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston startap ekotizimi xalqaro maydonda yana bir muhim yutuqqa erishdi. Dunyoning yetakchi innovatsion loyihalari ishtirok etgan nufuzli “Global Startup Awards Grand Finale” tanlovida mamlakatimiz vakillari ikki yo‘nalishda global g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Valletta shahrida “EU-Startups Summit” doirasida bo‘lib o‘tgan “Global Startup Awards Grand Finale” tanlovida dunyoning 54 dan ortiq mamlakatidan ishtirokchilar qatnashdi.
“Global Startup Awards” — startaplar, faunderlar, investorlar va innovatsion ekotizim yetakchilarini global miqyosda e’tirof etuvchi yirik xalqaro platformalardan biri hisoblanadi. Tanlov milliy va mintaqaviy bosqichlar orqali eng kuchli loyihalarni saralab, ularni jahon finaliga olib chiqadi.

Mazkur muvaffaqiyat o‘tgan 2025-yil sentabr oyida Toshkent shahrida ICT WEEK doirasida IT Park Uzbekistan qo‘llab-quvvatlovida o‘tkazilgan “Global Startup Awards Central Asia” mintaqaviy finalining mantiqiy davomi bo‘ldi. Aynan ushbu bosqich Markaziy Osiyo startaplari uchun xalqaro sahnaga chiqish va investorlar e’tiborini jalb qilish imkoniyatini yaratgan edi.

Ayniqsa, Catextra startapining “Best Greentech Startup of the Year” nominatsiyasida g‘olib bo‘lishi O‘zbekistonda ekologik innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sohasida yaratilayotgan yechimlar xalqaro miqyosda ham dolzarb ekanini namoyon qildi.

Qayd etish lozimki, Catextra — to‘qimachilik sanoatida shaffoflik, izchillik va mas’uliyatli ishlab chiqarish tamoyillarini rivojlantirishga qaratilgan platforma. Startap ishlab chiqaruvchilarga ta’minot zanjirining har bir bosqichini kuzatish, tekshirish va xaritalash imkonini beruvchi vositalarni taqdim etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA