Jahon chempionati final uchrashuvida tanaffus vaqti uzaytirilishi kutilmoqda
Hozircha Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati startiga bir oydan kam vaqt qolar ekan, musobaqa reglamentiga oid kutilmagan ma’lumotlar e’lon qilinmoqda. Xususan, turnirning hal qiluvchi final uchrashuvida tanaffus vaqti odatdagidan uzoqroq davom etishi mumkin. Bu haqda «The Athletic» nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, final bahsida jamoalar uchun ajratiladigan tanaffus vaqti belgilangan 15 daqiqadan sezilarli darajada ko‘p bo‘ladi. Misol tariqasida yaqinda bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finali — «Chelsi» hamda «PSJ» jamoalari o‘rtasidagi bahs keltirilgan. Mazkur uchrashuvda tanaffus 24 daqiqa davom etgan edi.
Hozircha Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi. Ta’kidlash joizki, amaldagi futbol qoidalariga muvofiq, o‘yinning birinchi va ikkinchi bo‘limlari orasidagi tanaffus 15 daqiqadan oshmasligi belgilangan. Final uchrashuvidagi bunday o‘zgarish turli ko‘ngilochar shoular va reklama shartnomalari bilan bog‘liq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 tarixda ilk bor uchta davlat — AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Musobaqaning amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi. «Albiseleste» 2022-yilgi mundial finalida Fransiya bilan 3:3 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan edi.