Jadidlar merosi: “Botmasin chiqqan quyosh”
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "Jadidlar merosi: tarix, tafakkur va taraqqiyot" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva kirish so‘zi bilan ochar ekan, yurtimizda ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yanada keng tadqiq etish, ularning faoliyati va merosini o‘rganish, targ‘ib etish va xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Har yili 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanayotgani, atoqli ma’rifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanayotgani, minglab jadid bobolarimizning nomlari oqlanganini qayd etdi.
— Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida yaqinda davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvi hamda “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolangani yurtimizda ma’rifatparvar vatandoshlarimiz merosiga va bu merosni munosib davom ettirayotgan yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ehtiromning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, — dedi M.Xo‘jayeva.
So‘nggi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ham ma’naviy-ma’rifiy va ijod sohalarining huquqiy asoslari muntazam takomillashtirib borilmoqda. Xususan, noshirlik sohasini rivojlantirish, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim qonunlar qabul qilindi.
Tadbir davomida “Jadidlar kutubxonasi” turkumida chop etilgan kitoblar taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning “Millat fidoyilari” hamda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimning “Botmasin chiqqan quyosh” kitoblari, shuningdek, “Jadid” gazetasida chop etilgan eng sara maqola, suhbat, reportaj va badiiy asarlar jamlanib, nashr etilgan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” nomli to‘plamning taqdimoti o‘tkazildi.
So‘zga chiqqan olimlar va deputatlar mazkur asarlar kitobxonlar qatlami, shu jumladan, deputatlar uchun ham juda muhim manba, yoshlar uchun vatanparvarlik, millatga sadoqat va ma’rifat maktabi, tadqiqotchilar uchun esa zarur ilmiy axborotlar to‘plami bo‘lishini alohida e’tirof etdi.
Otabek Hasanov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori:
— Odamlar qanchalik ma’rifatli bo‘lsalar, shunchalik erkindirlar. Inson qancha erkin bo‘lsa, shuncha ma’rifatli bo‘lishga intiladi. Adabiyotshunoslarimiz tomonidan aytilgan bu so‘zlar zamirida katta ma’no mujassam. Ma’rifatga, ma’naviyatga intilgan har bir inson o‘zini erkin his qiladi. Bugun xalq vakillari har sohadan xabardor, funksional bo‘lishi talab etiladi. Shu ma’noda jadidchilik faoliyatiga oid maqolalar jam bo‘lgan, olimlarning ilmiy izlanishlari aks etgan kitoblar muhim qo‘llanma bo‘la oladi. Ajdodlar merosini milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni saqlagan holda zamonaviy usullar bilan yoshlarimizga yetkazib berishimiz kerak.
Shuningdek, tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim, adabiyotshunos olim Olimjon Davlatov, “Jadid” gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo va deputatlar so‘zga chiqib, taqdimot qilingan kitoblar, jadidchilik harakatining ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida mehmonlar zamonaviy parlament kutubxonasi, Qonunchilik palatasining muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA