“Jadidlar izidan” tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida maktab o‘quvchilari o‘rtasida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining tuman bosqichlari yuksak saviyada tashkil etildi. Jumladan, namunaviy tarzda o‘tkazilgan tanlovning Kitob tumani bosqichi ham bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Tanlov Kitob tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda “Kelajak markazi” hamkorligida tashkil etilib, unda tanlovning maktab bosqichlarida saralab olingan bilimga chanqoq, faol va iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
- Tanlovning Kitob tuman bosqichi yuqori kayfiyatda o‘tkazildi, - deydi Kitob tuman “Kelajak markazi” direktori Qahramon Qayumov. – O‘quvchi yoshlarning ushbu tanlovga qiziqishlari tobora oshib bormoqda. Buni ishtirokchilar sonidan ham bilish mumkin. Masalan, o‘tgan yili 5 ming nafar o‘quvchi qatnashish istagini bildirgan bo‘lsa, bu yil 6523 nafar o‘quvchi onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Ular maktab bosqichidan saralab olinib, kuchlilari tuman bosqichida qatnashmoqda.
Yosh avlodning tarixiy bilimlarini oshirish, jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda o‘quvchilarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan tanlov jarayonida ishtirokchilar test sinovi hamda savol-javob shartlari asosida jadidchilik harakati, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, jadid namoyandalarining hayoti va ijodiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 7–8–9-sinflar o‘rtasida 1-o‘rin 26-maktab o‘quvchisi Shahrizoda Rahmonovaga, 9–10-sinflar o‘rtasida 97-maktab o‘quvchisi Ozoda Musurmonovaga nasib qildi va tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor o‘quvchilar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-32150]
- Bu tanlovga ustozlarim ko‘magi ostida tayyorlandim, - deydi tanlov g‘olibi, tumandagi 26-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Rahmonova. - Belgilangan adabiyotlarni o‘qidim. Jadidlar hayotini o‘rgandim va bu tanlovda yuqori o‘rinlarni olishimda muhim ahamiyat kasb etdi. Nasib etsa, tanlovning keyingi bosqichlarida ham munosib ishtirok etib, g‘olib bo‘lishni maqsad qilganman.
Ma’lumot o‘rnida, tanlovning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlar qimmatli sovg‘alar, shu jumladan, xorijiy davlatlarga va ta’lim sayohatlari bilan taqdirlanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari