Italiya iqtisodiyot vaziri mamlakatni ogohlantirdi
Italiya Iqtisodiyot vaziri Jankarlo Jorjetti davlat qarzini nazorat qilish muhimligini ta’kidlab, byudjetini izdan chiqargan mamlakat mustaqilligini yo‘qotib, kreditorlarga qaram bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Mulozim so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy tartib-intizom shunchaki raqam emas, balki aholini qo‘llab-quvvatlashning yagona yo‘lidir. Zero, qarz foizi uchun sarflanayotgan har bir ortiqcha mablag‘ sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalar byudjetini qisqartiradi. Ayni payt Italiya yiliga qariyb 90 milliard yevroni aynan qarz foizini to‘lashga sarflayapti. Bu haqda ANSA xabar bergan.
Ushbu bayonot Statistika instituti – “Istat” tomonidan byudjet defitsiti ko‘rsatkichi e’lon qilinishi arafasida yangradi. Agar ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 3 foizidan pasaysa, Italiya Yevropa Ittifoqining qat’iy nazorat jarayonidan chiqib, energetika hamda mudofaa xarajati uchun qo‘shimcha erkinlikka ega bo‘ladi.
Jorjetti hozircha sarmoyadorlarning mamlakatga ishonchi saqlanib qolayotganini aytib, hukumat sog‘liqni saqlash sohasiga qo‘shimcha 6 milliard yevro ajratgani, tibbiyot va nafaqa jamg‘armalari faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligini qo‘shimcha qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA