Istiqlolning ulug‘ qudrati va buyuk ne’matlari tarannum etildi
Surxondaryo viloyatida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlandi.
Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi yozgi amfiteatrida bo‘lib o‘tgan asosiy marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov marosim ishtirokchilari va mehmonlarni eng ulug‘, eng suyukli bayram bilan samimiy tabriklab, mustaqillik tufayli vohada yuz berayotgan beqiyos o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Keyingi yillarda erishilgan yutuqlar qayd etildi.

– Mustaqillikning 35 yilligi biz – surxondaryoliklar uchun, ayniqsa, o‘zgacha ruh va mazmun bag‘ishlamoqda, – dedi viloyat rahbari. – Bayram arafasida Prezidentimiz ishtirokida yurtimiz bo‘ylab qiymati qariyb 50 trillion so‘mlik 163 ta yirik sanoat, servis va ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirildi. Tantanali marosimda davlatimiz rahbari so‘nggi ikki yildagi ishlarimizni sarhisob qilib, “2025-2026-yillar Surxondaryo yili bo‘ldi”, deya viloyatda yuz bergan yangilanishlarga yuksak baho berdi. Bu Surxondaryoning mard va tanti, mehnatkash va bag‘rikeng xalqiga, uning bunyodkorlik salohiyatiga, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashayotgan insonlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tirof namunasidir.
Joriy yil viloyatda barcha dasturlar doirasida 955 ta inshootda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun davlat byudjetidan 4,1 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Yilning o‘tgan davrida Investitsiya dasturi doirasida belgilangan 170 ta ob’ektning yuzga yaqini ishga tushirildi. Eng aziz shodiyonamiz arafasida viloyatning turli hududlarida 130 dan ortiq iqtisodiy-ijtimoiy soha inshooti bayramga sovg‘a qilindi.

Yangi O‘zbekistonda keyingi o‘n yilda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni rozi qilish, xalq bilan muloqot davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Jumladan, viloyat iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan oshdi. 160 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Ko‘plab doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Yangi maktab, bog‘cha, oliy ta’lim muassasalari, shifoxona, korxona, yo‘llar va uy-joylar barpo etildi. Millionlab xonadonlarga toza ichimlik suvi kirib bordi.
Viloyatning tashqi savdo aylanmasi 3,5 barobarga o‘sdi. Keyingi o‘n yilda vohaning eksport geografiyasi 12 ta davlatdan 34 ta xorijiy mamlakat bozoriga kengaydi. 7,5 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilib, 3,1 million kvadrat metr tijorat maydoni barpo etildi. Aholining real daromadi 4 barobarga oshdi. Iqtisodiyot tarkibida sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 23 foizga, xizmatlar sohasida esa 42 foizga yetdi. Kambag‘allik darajasi 4,9 foizga, ishsizlik 4,6 foizga tushdi. Termiz shahri, Angor, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Uzun va Sho‘rchi tumanlarida bu ko‘rsatkichlar tabiiy darajaga yaqinlashdi. 122 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylandi.

Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qad rostladi. Minglab kilometr ichki yo‘llar qurilib, ta’mirlandi. Boysun va Denovni bog‘lovchi 111 kilometr yo‘l sement-beton qoplamaga o‘tkazilmoqda. Yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometr magistral yo‘l kapital ta’mirlanyapti. “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘lini tezyurar poyezdlar harakatiga moslash, “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” uchastkasini elektrlashtirish, Termizdan Istanbul va Dubayga yangi aviaqatnovlar tashkil etish viloyatimizning transport va logistika salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Vohada ichimlik suvi masalasi yillar davomida eng og‘riqli muammolardan biriga aylangan edi. “To‘palang” suv omboridan foydalanish bo‘yicha 287 million dollarlik megaloyiha markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 47 foizdan qariyb 68 foizga yetkazdi. Termiz shahri va tumanlarda yuz minglab aholining suv ta’minoti yaxshilandi.

Joriy yilning o‘zida 28 ta mahallada “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi shakllantirilyapti. 114 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi sharoitlari tubdan yaxshilanmoqda.
Viloyatda 2,1 ming o‘ringa mo‘ljallangan shifoxona qurilib, barcha qulayliklarga ega zamonaviy tibbiy muassasalar tashkil etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi yo‘nalishida 30 dan ziyod yangi maktab qurildi, 90 ta maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 150 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 10 foizdan 75 foizga yetkazildi. Viloyatimizda 6 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, oliy ta’limga qamrov 40 foizdan ortdi.
Mustaqillik bayrami arafasida 51 ta maktab, 25 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 60 ta mahallada infratuzilma ob’ektlari ishga tushirildi.

Keyingi o‘n yilda viloyatda tadbirkorlar safi o‘n mingga oshib, qariyb 32 mingga yetdi. Yoki 2,7 baravar ko‘paydi. Ularning 11 mingdan ortig‘ini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Vohada yaqinda o‘tkazilgan “O‘zbekiston (Surxondaryo) – Xitoy” investitsiya forumi ham viloyatning xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy salohiyatini yanada kengroq namoyon etdi. Forumda Xitoyning 120 dan ortiq kompaniyasidan 350 dan ziyod vakil, shuningdek, 46 ta Afg‘oniston kompaniyasining 100 nafardan ortiq vakili ishtirok etib, qiymati 6,3 milliard dollar bo‘lgan 63 ta dastlabki investitsiya kelishuviga erishildi.
Joriy yil yakunigacha viloyatda 3 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksport hajmini esa ikki barobar oshirib, 1 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Tantanali tadbirda turizm, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlarga ham e’tibor qaratildi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadrini ulug‘lab, aholi uchun yangi imkoniyat va sharoitlar yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.
Voha ahlining asosiy bayram tadbiri xalqimizning suyukli san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi. Tinch, to‘kin yurtning musaffo osmonida rang-barang jilodagi mushaklar porladi.
Viloyatning bayram shodiyonalari qishloq va mahallalarda ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri