Istiqbolli loyiha samaralari
Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahridagi “Sitorai Moxi–xossa” mahalla fuqarolar yig‘inida, G‘ijduvon shoh ko‘chasi bo‘yida barpo qilinayotgan tibbiyot shaharchasi, turistik markazi, shuningdek, Islom Karimov ko‘chasi, Kogon shossesi bo‘ylab qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar va Buxoro shahrining tarixiy qismida oqova suv tarmoqlari tizimini qayta ta’mirlash, qurish va rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Bu ishlarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish maqsadida Xalqaro Taraqqiyot uyushmasi va “Jahon banki” bilan kelishuvga erishilgan. Loyiha tarkibiga mazkur “Tibbiyot shaharchasi” hamda “Dilkusho” oqova nasos stansiyalari qurilishi ham kiritilgan. Bunda Buxoro shahrida uzunligi 32,7 kilometrni tashkil etuvchi oqova suv tarmog‘i va hududdagi 3 ta oqova nasos stansiyasini mukammal ta’mirlashga doir loyiha ishlab chiqilgan. Buning uchun loyiha umumiy qiymati 65,3 million AQSH dollariga moliyalashtirilgan bo‘lib, bu sarmoyaning 55 million AQSH dollari Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va “Jahon banki”ning kredit liniyasi hisoblanadi.
Mazkur loyiha samarasi o‘laroq yangidan quriladigan oqova tarmoqlari uzunligi Buxoro shahrida 8,6 kilometrni tashkil etadi.
– Loyiha boshidan viloyatda 7 ta kontrakt doirasida 103,8 kilometrga teng oqova tarmog‘i va 7 ta oqova nasos stansiyasi rekonstruksiya qilingan, –deydi “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ boshlig‘i Shoxruxali Sa’dullayev. –Bugunga qadar jami 47,7 million AQSH dollari miqdorida qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Loyiha doirasida Buxoro shahridagi oqova suvlarni tozalash inshootida mukammal ta’mirlash-tiklash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Boshqacha aytganda, shartnoma qiymati 6,95 million AQSH dollaridan hozirda 4,43 million AQSH dollariga teng qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Hozirda bu oqova nasos stansiyalarida ikkilamchi suvni qabul qilish kamerasida belgilangan beton ishlari tugatilgan. Xorij davlatlaridan zarur nasos qurilmalari, mexanika va elektr jihozlari keltirilib, elektr tarmoqlarini qurish va metall konstruksiyalar montaji bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“Sitorai Moxi-xossa” aholi punktida “Buxoro maxsus suv qurilish” MCHJ korxonasi bosh pudratchiligida foydalanishga topshirilgan “Tibbiyot shaharchasi” oqova nasos stansiyasi Xalqaro standart talablariga javob beradigan gidroinshootlar qurilishida ishtirok etmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan ushbu xududda jami 18 kilometrdan ortiq oqova tarmog‘i qurilgan bo‘lib, buning natijasida 17 mingdan ziyod abonent ilk bor, xuddi shunday, 5 ta yirik sog‘liqni saqlash muassasasi markazlashgan oqova tarmog‘iga ulanmoqda.
Ushbu qo‘shimcha ishlarning amalga oshirilishi natijasida Buxoro shahrida 230 ming aholi markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ega bo‘lmoqda. Bu degani, loyihada belgilangan asosiy indikatorlardan aholining oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 56 foizdan 80 foizga oshmoqda. Bu esa shaharning sanitar-epidemiologik holatini tubdan yaxshilash imkonini bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA