ISLOM – NUR, QUR’ON – ILM
Muborak Ramazon oyining fayzli kunlarida islom falsafasi yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori, professor Mahmudxo‘ja Nuritdinov bilan dinimizning mazmun-mohiyati, islomshunoslik fani tarixi va uning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti xususida suhbatlashdik.
Taniqli olim va imom-xatib Mahmudxo‘ja Nuritdinovning ko‘p yillik ilmiy faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Ibrohim Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Uning tadqiqotlari sharqshunoslik, manbashunoslik, islomshunoslik, arab–musulmon falsafasi va zamonaviy falsafiy yo‘nalishlarni keng qamrab olgan. 1997–1999-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom tadqiqotlari markazi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan olimning tashabbusi va bevosita rahbarligida Burhoniddin Marg‘inoniyning mashhur “Al-Hidoya” asari birinchi jildi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.

Xalqaro ilmiy doiralarda ham e’tirof etilgan Mahmudxo‘ja Nuritdinov 2000-yildan AQSH Biografiya instituti xorijiy ilmiy maslahatchilar kengashi a’zosi, 2005-yildan esa Nyu-York Fanlar akademiyasi a’zosi sifatida xorijda O‘zbekiston madaniyati tarixini targ‘ib etib ma’ruzalar qilib kelmoqda. Bugungi kunda olim 40 ga yaqin kitob va monografiyalar hamda 400 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hisoblanadi.

— Muqaddas dinimiz islomning jamiyat va xalqimiz hayotidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
— So‘zimni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlari bilan boshlamoqchiman: “Alhamdulilloh, hammamiz musulmonmiz. Biz juda ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma’rifat, Islom dinini o‘rganish va o‘rgatish tashabbusi bilan chiqyapmiz. Islom — bu faqat nurli hayot. Islomni niqob qilib, terrorchi bo‘lish yoki yot oqimlarga kirish — O‘zbekistonga aslo yarashmaydi!”
Darhaqiqat, islom dini asrlar davomida xalqimizning muqaddas e’tiqodi va ma’naviy hayotining dasturilamali bo‘lib kelgan. Shu bois, bugungi yangi jamiyatda diniy qadriyatlarga alohida hurmat va e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, jamiyat va din manfaatlari mushtarakligini mustahkamlash, ma’naviyatni yuksaltirish oldimizda turgan dolzarb vazifadir. Ma’naviy merosimizni tiklash, xususan, islom nazariyasi, tarixi, falsafasi, huquqshunosligi hamda axloqi bilan bog‘liq masalalarni chuqur tadqiq etish nihoyatda muhim.

Mustabid tuzum davrida bu ilmlarning o‘rganilmay qolgani sohada ma’lum bo‘shliqlarni yuzaga keltirdi. Oqibatda dinni faqat toat-ibodatdan iborat deb bilish, uning teran falsafasi, yuksak ma’naviyati va insonparvarlik mohiyatidan bebahra qolishdek bir tomonlama yondashuvlar kuzatildi. Vaholanki, islom — hayot falsafasidir. U insonni halollik, adolat va o‘zga din vakillariga ehtirom ruhida tarbiyalaydi.
Shu bois, islomga nafaqat diniy ta’limot, balki ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotimizning muhim omili sifatida qarashimiz lozim. Dinimizning ilmiy va ma’rifiy qirralarini haqqoniy ravishda xalqimizga yetkaza olsakkina, jamiyatda diniy taassub va jaholatga o‘rin qolmaydi. Zero, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini anglash va islomiy qadriyatlarning asl mohiyatini tushunish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
— Shu o‘rinda islomshunoslik fanining rivojlanish tamoyillari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
— Islomshunoslik — islom dini, uning tarixi, ta’limoti va jamiyatdagi o‘rnini o‘rganuvchi dinshunoslikning muhim sohasidir. Ushbu yo‘nalish islom falsafasi, uyg‘onish davri sivilizatsiyasi, so‘fiylik ta’limotlari, islom huquqshunosligi (fiqh), xususan, hanafiylik mazhabi tarixi kabi keng qamrovli mavzularni tadqiq etadi. Shuningdek, kalom ilmi, islom ilohiyoti va muqaddas manbalarning matnshunoslik hamda filologik tahlili ham fanning diqqat markazida turadi.
Bu soha islomning ilk davrlaridayoq Qur’on va hadislarni jamlash, ularni tizimlashtirish jarayonida shakllangan. Sahobalarning turli o‘lkalarga yoyilishi natijasida Madina, Makka, Kufa, Basra, Shom va Movarounnahr kabi yirik ma’rifat markazlari vujudga keldi. Aqidaviy masalalarni aqliy va naqliy dalillar bilan asoslovchi kalom ilmining yuzaga kelishi esa sohada “mutakallim” olimlar tabaqasini shakllantirdi.

Movarounnahr zaminida ham kalom ilmi va fiqh maktablari yuksak darajada rivojlandi. VIII – IX asrlarda Abu Muqotil Samarqandiy kabi ilk namoyandalardan so‘ng, Abu Mansur al-Moturidiy va Abul Muin an-Nasafiy kabi buyuk mutafakkirlar yetishib chiqdi. Imom A’zam Abu Hanifa asos solgan hanafiylik maktabi esa mintaqamizda fiqh ilmi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shdi. Musulmon Sharqi tarixida Bag‘doddagi “Baytul hikma”, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi kabi ilm dargohlari diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unlikda rivojlangan haqiqiy ma’rifat maskanlariga aylandi.
Afsuski, mustabid tuzum davrida islomshunoslik fani faqat ateistik nuqtai nazardan talqin qilindi, islomiy qadriyatlar asossiz qoralandi. Bu esa sohada chuqur bilimga ega bo‘lgan dunyoviy mutaxassislarning yetishmasligiga olib keldi.
Mustaqillik yillarida barcha fanlar qatori islomiy ilmlarni rivojlantirish uchun ham keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Xalqaro islom tadqiqot markazi tashkil etildi. Bugungi kunda islomshunoslik sohasida tadqiqot olib boruvchi olimdan nafaqat sharqshunoslik ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lish, balki arab va fors tillarini mukammal bilish, qo‘lyozma manbalar bilan bevosita ishlay olish hamda falsafiy ta’limotlar tarixidan chuqur xabardor bo‘lish talab etiladi. Zero, faqat manbalarga asoslangan haqqoniy ilmgina jamiyatni ma’naviy yuksalishga yetaklaydi.
— So‘nggi yillarda yurtimiz islomshunosligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qanday baholaysiz?
— O‘zbekiston — nafaqat mintaqaviy, balki jahon sivilizatsiyasi va islom madaniyatining qadimiy markazlaridan biridir. Bu tabarruk zaminda kamol topgan allomalar islom ilmi xazinasiga benazir hissa qo‘shganlar. Oxirgi yillarda ushbu boy merosni tizimli o‘rganish va islomshunoslik sohasini yangi bosqichga olib chiqish borasida tarixiy qadamlar qo‘yildi.
Xususan, 2017-yilda Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishi hamda poytaxtimizda Islom tamadduni markazining bunyod etilishi yurtimizdagi ma’rifiy uyg‘onishning yorqin namunasi bo‘ldi. Bu markazlar nafaqat nodir qo‘lyozmalar xazinasi, balki islom olamining yuksak ilmiy salohiyatini namoyish etuvchi maskanlarga aylanmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi diniy va dunyoviy bilimlarni mujassam etgan oliy malakali mutaxassislar, islomshunos olimlar tayyorlashda muhim poydevor bo‘ldi.

Bugun oldimizda turgan eng dolzarb vazifa — tafsir, hadis, aqida, fiqh va tasavvufga oid manbalarni chuqur tadqiq etgan holda, ulardagi ilg‘or g‘oyalarni jamiyatda mavjud ijtimoiy-ma’naviy muammolar yechimiga yo‘naltirishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, islom ilmini tadqiq etishda din arboblari va dunyoviy olimlarning yaqin hamkorligi nihoyatda zarur. Bunday tandem o‘zaro ishonch ruhida faoliyat yuritib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashadigan ilmiy muhitni mustahkamlaydi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi jahon hamjamiyati uchun muhim da’vat bo‘ldi. Prezidentimiz dunyo minbaridan turib “islom” va “terrorizm” tushunchalarini sira tenglashtirib bo‘lmasligini, aksincha, dinimizning asl gumanistik va ma’rifiy mohiyatini anglash zarurligini uqtirdi. Dunyo yetakchilari orasida birinchi bo‘lib “ma’rifatli islom” g‘oyasining ilgari surilgani esa O‘zbekistonning bu borada xalqaro miqyosda tashabbuskor ekanini tasdiqladi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi islomshunoslik fanining asosiy vazifasi — tinchlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda targ‘ib qilish orqali xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni turli yot oqimlar ta’siridan asrash va ma’naviy yuksalishga xizmat qilishdan iboratdir.
— Qur’oni karim ma’nolarini o‘rganish va tafsir yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
— Bugungi kunda dunyodagi bir milliarddan ortiq musulmon arab tilidan boshqa tillarda so‘zlashadi. Ilohiy kalomni xalqlarning o‘z ona tilida o‘qib-o‘rganishi uchun sharoit yaratish ularning e’tiqod huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada boy ilmiy-madaniy merosga ega diyorimizning Islom olamidagi nufuzi jahon ahliga yaxshi ma’lum.
Hozirga qadar o‘zbek tilida Qur’oni karim matnining bir qator tarjima va tafsirlari amalga oshirildi. Bu asarlar nafaqat diniy qo‘llanma, balki islomshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi muhim tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, marhum shayxlarimiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Usmonxon Alimovning tafsirlari, Alouddin Mansur va Abdulaziz Mansur qalamlariga mansub ma’nolar tarjimalari xalqimizning ma’naviy xazinasidan mustahkam o‘rin oldi.
Ustozlarimizning ijodidan ilhomlangan holda, men ham ko‘p yillik ilmiy izlanishlarim mahsuli sifatida 2018-yili “Qur’oni karim ma’nolarining ilmiy-izohli akademik tarjimasi” ustidagi tadqiqotimni nihoyasiga yetkazdim. Mazkur kitobning birinchi va ikkinchi nashrlari 2018 va 2021-yillarda Germaniyaning “Glob.Edit” nashriyotida chop etildi. Shuningdek, 2020-yili AQSHning mashhur “Amazon” kompaniyasi nashriyoti tomonidan “Qur’oni karim so‘z va iboralarining arabcha-o‘zbekcha ilmiy-izohli muxtasar lug‘ati” (4280 so‘z va iborani qamragan) dunyo yuzini ko‘rdi. 2021-yilda uning ikkinchi nashri ham Germaniyada bosilib chiqdi. 2023-yilda esa navbatdagi mehnatim — “Qur’on so‘z va iboralarining ilmiy-izohli lug‘ati” AQSHda katta adadda nashr qilindi.
Bu kabi tarjimalar xalqimizning aqliy salohiyati va ziyolilarimizning ehtiyojlarini aks ettirishi bilan birga, ilohiy Kitob mazmunini zamondoshlarimizga tushunarli tilda yetkazishga xizmat qiladi. Qur’on zamiridagi ilm va hikmatlar vositasida jaholat va qoloqlikdan xalos bo‘lish mumkinligiga shubha yo‘q. Bugungi kunda ham musulmon, ham nomusulmon davlatlarda Qur’on ma’nolarini tarjima qilishga qiziqish kuchli. Bunga umid va hayrat bilan qarash lozim, chunki Qur’on nafaqat diniy manba, balki insoniyat hali kashf etishga ulgurmagan hisobsiz durlarni o‘z bag‘rida asrayotgan bepoyon ummondir.
Islom dinini ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotimizning tarixiy omili deb bilar ekanmiz, Qur’onni ilm-fan rivojining yirik harakatlantiruvchi kuchi sifatida tan olishimiz zarur. Uning o‘ziga xos “ilmiy ensiklopediya” ekani bugun jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan allaqachon e’tirof etilgan haqiqatdir.
Gulshod AZIMOVA suhbatlashdi,
O‘zA