Islohotlar samara bermoqda
“To‘palang” suvi Termizga keldi

Surxondaryo haqida so‘z ketganda, tabiatning betakror manzaralari – beqiyos kengliklar, qiru adirlar, osmon bilan bo‘ylaguvchi purviqor tog‘lar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Ulkan muzliklar va qor suvlaridan to‘yinib oquvchi daryolar esa hayot manbai hisoblanadi. Hisor tog‘ tizmasining janubiy yonbag‘irlaridan boshlanadigan To‘palang daryosi ham shunday hayotbaxsh suv manbalaridan biridir.
Bundan 10-15 yil avval To‘palang suv ombori suvidan butun Surxondaryo aholisi bahramand bo‘lishini tasavvur qilish qiyin edi. Shiddatli islohotlar kuchi “Bo‘lishi mumkin emas”, degan qarashlarni bir chetga surib, ushalmas uy-xayollarni real voqelikka aylantirmoqda.
So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Farhod ulkan tog‘larni yorib, el-yurtga suv yo‘llarini ochadi. Bu kabi afsonaviy epizodlar suvga tashna, obi hayotga mushtoq insonlar orzusining ro‘yobi bo‘lgan. Ammo biz bugun asriy orzular ushaladigan davrlarga yetib keldik.
Davlatimiz rahbari 2021 yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “To‘palang” suv ombori orqali voha aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ekologik jihatdan sof va mikroelementlarga boy suv resurslarini aholi farovonligi yo‘lida safarbar qilish hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi. Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirildi.
Shu o‘rinda “To‘palang” suv ombori haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Dengiz sathidan qariyb 700 metr balandlikda joylashgan ushbu suv ombori 1986 yilda ishga tushirilgan. To‘g‘onining balandligi 165 metr, umumiy sig‘imi esa 500 million kub metrni tashkil etadi. U vohaning 200 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyatiga ega.

Keyingi yillarda Prezidentimizning tashabbusi va rahbarligida mazkur suv manbaidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hudud aholisini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida bir qator kichik gidroelektr stansiyalari barpo etildi. Endilikda esa To‘palang suv omboridan aholi xonadonlariga ichimlik suvi yetkazib berilayotgani, shubhasiz, tarixiy voqelikka aylandi.
Ma’lumki, inson organizmining taxminan 70-80 foizi suvdan iborat bo‘lib, suv hayot uchun eng muhim va birlamchi ne’mat hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, bugungi kunda dunyo miqyosida toza ichimlik suviga yetish masalasi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning 2025 yildagi qo‘shma hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining 2,1 milliard nafari, ya’ni har to‘rt odamdan biri xavfsiz va toza ichimlik suviga to‘liq kirish imkoniga ega emas. Shuningdek, 106 million kishi hali ham ishlov berilmagan ochiq suv manbalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichimlik sifatida foydalanishga majbur. Bu raqamlar toza ichimlik suvi va sanitariya masalasi insoniyat salomatligi hamda hayot sifati uchun naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Surxondaryo viloyatining nafaqat o‘zlashtirilgan cho‘l hududlarida, balki ma’muriy markaz – Termiz shahrida ham aholi uzoq yillar davomida qattiqlik darajasi yuqori, iste’molga yaroqsiz suvdan foydalanib kelgan. Endilikda bu muammo bartaraf etildi.
Yirik loyihada belgilangan bunyodkorlik ishlarini muddatida bajarish uchun bosh pudratchi “To’palang HPD Platinum” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 trillion 913 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, viloyat hududida 245,9 kilometr masofaga suv tarmoqlari tortilib, 8 ta ichimlik suv saqlash hovuzi barpo etildi.
Loyihaning birinchi bosqichida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarining 35 ta mahallasida yashovchi qariyb 135 ming iste’molchi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Keyingi bosqichda Oltinsoy tumanidagi 16 ta mahallada istiqomat qiladigan 44 ming va Bandixon tumanidagi 17 ta mahallada yashovchi 42 ming 400 dan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Shuningdek, To‘palang asosiy magistral tarmog‘idan 200 metr qo‘shimcha tarmoq tortilib, “Xo‘jaipok” magistral tarmog‘iga ulash orqali Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor va Muzrabot tumanlarining 69 ta mahallasidagi 193 ming aholi ob-hayotdan bahramand bo‘ldi.
Termiz shahri aholisining toza ichimlik suviga ehtiyojini qoplash uchun Jarqo‘rg‘on tumanidagi markaziy suv inshootidan sig‘imi 10 ming m3 bo‘lgan rezervuar qurildi. Bandixon tumanidan Termiz shahridagi “Shimoliy” va “Manguzar” suv olish inshootlarigacha metall quvurlardan 125,1 km magistral tarmoq tortildi. Endilikda shifobaxsh minerallarga to‘yingan zilol suv bilan Termiz shahridagi 29 ta mahallada yashovchi 200 mingga yaqin iste’molchi ham To‘palang suv manbaidan foydalana boshladi.
Qayd etish lozimki, ichimlik suvi aholiga yetkazib berilishidan oldin zamonaviy texnologiyalar asosida bir qator bosqichlardan o‘tadi. Jumladan, mexanik tozalash, kimyoviy ishlov berish, filtratsiya, dezinfeksiya, laboratoriya nazorati va taqsimlash jarayonlari ketma-ket amalga oshiriladi. Shundan so‘ng tozalangan, tiniq va hayotbaxsh suv yirik bosimli quvurlar orqali hududlarga uzatiladi. Eng muhim jihati, bu tizimda ko‘tarma nasoslar qo‘llanilmaydi, suv o‘z oqimida, elektr energiyasi sarflanmasdan aholi xonadonlariga 24 soat davomida uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Toza ichimlik suvi har qanday hudud infratuzilmasining poydevori, inson salomatligi va hayot sifati kafolatidir. Suv bor joyda hayot, taraqqiyot va farovonlik bor. Aholi soni o‘sishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarning kengayishi bilan ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning ortishi tabiiy. “To‘palang” suv omboridan foydalanish tizimi voha ahliga nafaqat toza suv, balki yangi qulayliklar ham yaratmoqda. Ilgari suv tanqisligi qishloqlar bilan birga shahar aholisini ham qiynar, ayniqsa, yoz oylarida soatlab suv kutilgan davrlar bo‘lar edi. Bugun esa mutlaqo boshqacha manzaraga guvoh bo‘lyapmiz.
Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu sohada amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi ehtiyojini qondirish bilan birga, uzoq yillarga mo‘ljallangan zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgan. 2017-2024 yillarda ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun jami 3 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu davrda 4,3 ming km ichimlik va 133 km oqova suv tarmoqlari, 305 ta ichimlik va 4 ta oqova suv inshooti qurildi. 2025 yilda esa 220,4 km ichimlik va 12,6 km oqova suv tarmoqlari, 9 ta ichimlik va 1 ta oqova suv inshootini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, 11 oy ichida 460 km ichimlik va 12,6 km oqova suv tarmoqlari, shuningdek, 7 ta ichimlik va 1 ta oqova suv inshooti qurib bitkazildi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi keskin oshdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda hayotga izchil tatbiq etilayotgan “Inson qadrini ulug‘lash” tamoyili har bir inson turmushida o‘z ifodasini topmoqda. U aholi farovonligini oshirish, odamlarning ertaga emas, aynan bugun baxtli hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ilhom Rahmatov, O‘zA