Markaziy Osiyo va Yevropa parlamentlari hamkorligi kuchayadi
Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi –2026” parlamentlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi.
Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari vakillari, Yevropa parlamenti a’zolari, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar hamda biznes vakillari ishtirok etdi.
Anjuman ochilishida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, mazkur forum Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi va forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
– Ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi o‘tgan yil aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida ilgari surilgan edi, – dedi S.Safoyev. – Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot va sheriklik bizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqot, aloqalar, yashil o‘tish va texnologik modernizatsiyani rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda. Biz Yevropa Ittifoqining bugungi murakkab davrda Markaziy Osiyo davlatlari bilan sheriklikka intilayotganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu forum ochiq muhokamalar, fikr almashish va Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-28482]
Parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan forum doirasida siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika, raqamli transformatsiya, ta’lim va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
– Ushbu forum g‘oyasini ilgari surgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman, – deydi Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Giusi Princi. – Ko‘plab dolzarb muammolarni faqat mintaqaviy darajada hal qilish mumkin. Bundan bir yil oldin Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng parlamentlarimiz ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqanidan xursandmiz. Yevroparlament sifatida biz hukumatlarimizdan farqli pozitsiyani egalladik. Masalan, Markaziy Osiyo fuqarolari uchun vizalar berishni osonlashtirish maqsadida Qozog‘iston bilan dastlabki kelishuvga erishdik. Kelgusida mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ham shunday muzokaralarni davom ettirish niyatidamiz.
Forum davomida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, savdo kvotalari va Yevropa bozoriga kirishni ko‘paytirish, ko‘p tomonlamalikni himoya qilish, ta’lim va tadqiqot sohasida almashinuv dasturlari uchun Yevropa imkoniyatlarini oshirish zarurati, energiya va raqamli aloqa, inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa parlamenti vakillari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari