Iqtidorli bitiruvchilar munosib e’tirof etildi
Boyovut tumani Yoshlar markazida 2025/2026-o‘quv yilini yuqori natijalar bilan yakunlagan umumta’lim maktablari bitiruvchilarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Boyovut tumani hokimining o‘rinbosari Avazbek Alashukurov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Odil G‘aymnazarov, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagoglar, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.


Marosimda tumandagi 56 ta umumta’lim maktabida tahsilni a’lo natijalar bilan tamomlagan iqtidorli yoshlar munosib e’tirof etildi. Xususan, ikki nafar bitiruvchiga oltin medal, uch nafar bitiruvchiga esa kumush medal tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni erishgan yuksak natijalari bilan samimiy qutlab, bu muvaffaqiyat ularning bilimga chanqoqligi, matonati, ustozlarining fidokorona mehnati hamda ota-onalarining doimiy qo‘llab-quvvatlashi samarasi ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, bitiruvchilarga oliy ta’limda ham yuqori natijalarga erishish, o‘z salohiyatini yurt taraqqiyoti va Vatan ravnaqi yo‘lida namoyon etish borasida ezgu tilaklar bildirildi.

Tadbir yakunida mukofotlangan bitiruvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ular ota-onalari va ustozlari bilan xotira suratlariga tushishdi. Bunday e’tiroflar yoshlarni yangi marralar sari ruhlantirish, ularning bilim olishga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri