Iqtidor, standart va kelajak: O‘zbekiston yoshlari xalqaro standartlar olimpiadasida uchinchi marta g‘alabani qo‘lga kiritdi
2026-yil 11–14-avgust kunlari Koreya Respublikasining poytaxti Seul shahrida 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi (International Standards Olympiad) bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 11 ta mamlakatidan 35 ta jamoa ishtirok etgan nufuzli intellektual musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi «Silk-road» nomi ostida ishtirok etib, uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, bu O‘zbekistonning mazkur olimpiadadagi uchinchi ishtiroki bo‘lib, mamlakatimiz vakillarining natijalari yildan-yilga barqaror o‘sib borayotgani kuzatilmoqda.
Bu natija tasodifiy muvaffaqiyat emas. U, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha shakllangan tizim, shuningdek, O‘zbekiston standartlar instituti hamda Fan olimpiadalari markazining samarali hamkorligi samarasidir.
Iqtidorli yoshlar bilan ishlash — davlat siyosati darajasida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni izchil tayyorlash va xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yaxlit institutsional tizim shakllandi.
Jumladan, 2024-yil 30-sentabrdagi Prezident qaroridan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi. Markaz 2025-yil 1-yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan.
Uning asosiy vazifalaridan biri qobiliyatli, fanlarni chuqur o‘rganishga qiziquvchi yoshlarni aniqlash, saralash va ularning iqtidorini rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Shu bilan birga, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari, ularning murabbiylari va o‘qituvchilarini moddiy rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimida Prezident maktablarining ham o‘ziga xos o‘rni bor.
2019-yildan boshlab mamlakat hududlarida tashkil etilgan Prezident maktablarining asosiy maqsadi iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg‘or ta’lim texnologiyalari asosida ularni o‘qitish va tarbiyalash, aniq hamda tabiiy fanlarni chuqur o‘rganish uchun yaxlit tizim yaratishdan iborat.
Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i ham yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu sa’y-harakatlarning amaliy samarasini 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi natijasida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, musobaqada g‘olib bo‘lgan barcha o‘quvchilar Prezident maktablari tizimida ta’lim olgan.

Bu, o‘z navbatida, ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, iqtidorli yoshlar bilan ishlashning tizimli yo‘lga qo‘yilgani va yaratilgan imkoniyatlar o‘z samarasini berayotganining yaqqol dalilidir.
O‘zbekiston standartlar instituti va Fan olimpiadalari markazi hamkorligi
O‘zbekiston standartlar instituti O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimida standartlashtirish sohasidagi milliy organ hisoblanadi.
Institutning standartlashtirish, sertifikatlashtirish va sifat menejmenti sohasidagi ixtisoslashgan salohiyati uni Xalqaro standartlar olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonining muhim ishtirokchisiga aylantiradi.
Chunki mazkur olimpiadada ishtirokchilardan ISO — Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va IEC — Xalqaro elektrotexnika komissiyasi uslubiyoti asosida standart loyihalarini ishlab chiqish ko‘nikmasi talab etiladi.

Jamoani shakllantirish va tayyorlash jarayoni ham belgilangan tartibda tashkil etildi. Saralash bosqichlarini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tegishli buyruq hamda yo‘riqnomalar asosida belgilab berildi.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston standartlar instituti mutaxassislari nafaqat baholovchi va hakam sifatida, balki o‘quvchilarga standart ishlab chiqish metodologiyasini o‘rgatuvchi murabbiylar sifatida ham ishtirok etdi. Bu esa soha mutaxassislari va ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy samarasini namoyon etdi.
Terma jamoa qanday saralandi?
O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish bir necha oy davom etgan ikki bosqichli saralash tizimi asosida amalga oshirildi.
Saralash kichik — 13–15 yosh va katta — 16–18 yosh toifalari bo‘yicha, xalqaro olimpiada talablaridan kelib chiqqan holda to‘liq ingliz tilida o‘tkazildi.
Birinchi bosqichda matematika va fizika fanlaridan hududiy olimpiada g‘oliblari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tizimidagi fan olimpiadalari g‘oliblari hamda Prezident maktablaridan tavsiya etilgan 7–11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Joriy yilgi saralash mavzusi «Aqlli uy tizimlari — xavfsizlik va ishlashga qo‘yiladigan talablar» bo‘ldi. Respublika bo‘yicha 458 nafar o‘quvchi ishtirok etgan mazkur bosqichda ulardan to‘rt soat davomida ingliz tilida mustaqil standart loyihasini ishlab chiqish talab etildi.

Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan 34 nafar o‘quvchi — har ikki yosh toifasidan 17 nafardan — ikkinchi bosqichga yo‘llanma oldi.
Hal qiluvchi ikkinchi bosqich 2026-yil 21–22-may kunlari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar standart loyihasini ishlab chiqish va uni taqdim etish bo‘yicha sinovdan o‘tdi. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida internet va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmadi.
Natijalarga ko‘ra, har ikki yosh toifasidan eng yuqori natija ko‘rsatgan uch nafardan — jami olti nafar o‘quvchi — O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida xalqaro bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro bosqichga puxta tayyorgarlik
17–30-iyun kunlari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hamda O‘zbekiston standartlar institutida terma jamoa a’zolari uchun intensiv mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tayyorgarlik mashg‘ulotlari Xalqaro standartlashtirish olimpiadasi mezonlari va ISO/IEC Directives talablari asosida tasdiqlangan reja-grafik bo‘yicha olib borildi.
Institut mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar standart loyihasini ishlab chiqish, uning tuzilishi va mazmuniga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, taqdimot tayyorlash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni egalladi.
Terma jamoa a’zolari mamlakatimizdagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyati bilan ham tanishtirildi.
Seuldagi hal qiluvchi bellashuv
O‘zbekiston delegatsiyasi 11-avgust kuni Seul shahriga yetib bordi. Delegatsiya tarkibidan olti nafar g‘olib o‘quvchi, O‘zbekiston standartlar instituti mas’ullari va Fan olimpiadalari markazi murabbiylari o‘rin oldi.
Musobaqa Koreya texnologiya va standartlar agentligi hamda Koreya standartlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
13-avgust kuni olimpiadaning asosiy bosqichida ishtirokchilarga «Kiyiladigan elektron qurilmalar va texnologiyalar — aqlli ko‘zoynaklar uchun ishlash sinov usullari» mavzusi berildi.
Jamoalarga standart loyihasini ishlab chiqish va uni asoslovchi taqdimot tayyorlash uchun olti soat vaqt ajratildi.

«Silk-road» jamoasi o‘z loyihasini xalqaro ISO/IEC uslubiga muvofiq ravishda tayyorladi. Unda qo‘llanish doirasi, atamalar va ta’riflar, texnik talablar hamda sinov usullari kabi tarkibiy qismlar aniq bayon etildi.
Mazkur tizimli va uslubiy jihatdan puxta yondashuv hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
14-avgust kuni jamoalar o‘z loyihalarini hakamlar hay’ati oldida himoya qildi. Kunning ikkinchi yarmida yakuniy natijalar e’lon qilinib, O‘zbekistonning «Silk-road» jamoasi uchta oltin medal bilan taqdirlandi.
G‘alaba zamiridagi omillar
Erishilgan yuqori natija, avvalo, bir necha muhim omilning uyg‘unligi samarasidir.
Bir tomondan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati va institutsional tizim mavjud.
Ikkinchi tomondan, standartlashtirish sohasida ixtisoslashgan bilim va tajribaga ega mutaxassislarning tayyorgarlik jarayonidagi ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi.
Eng muhimi esa o‘quvchilarning shaxsiy tashabbusi, bilim va izlanishlari bo‘ldi.
Olti soat davomida murakkab texnik mavzu bo‘yicha mustaqil standart loyihasini ishlab chiqish va uni xalqaro darajada himoya qila olish yoshlarimizning nafaqat ingliz tilini, balki muhandislik va texnik yo‘nalishdagi bilimlarni ham chuqur o‘zlashtirganini ko‘rsatadi.
Endigi maqsad — natijani barqaror an’anaga aylantirish
Qo‘lga kiritilgan yutuqni barqaror an’anaga aylantirish uchun tayyorgarlik jarayonini yanada tizimlashtirish muhim.
Shu maqsadda O‘zbekiston standartlar instituti va Fan olimpiadalari markazi tomonidan bir qator takliflar ilgari surilmoqda.
Xususan, saralash tizimini barcha viloyatlar va Toshkent shahrini teng qamrab oladigan to‘rt bosqichli tizimga aylantirish, ISO/IEC uslubiyoti asosida yagona o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratish, yuqori natijalarga erishayotgan Koreya, Xitoy va Yaponiya kabi mamlakatlar bilan murabbiylar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Shuningdek, saralangan o‘quvchilar uchun kamida olti oylik maxsus fanlararo tayyorgarlik dasturini tashkil etish hamda olimpiada haqidagi targ‘ibot ishlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bunday chora-tadbirlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston yoshlarining Xalqaro standartlar olimpiadasidagi ishtirokini yanada barqarorlashtirish, yuqori natijalarni muntazam ravishda takrorlash va mamlakatimizning standartlashtirish sohasidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida
21-Xalqaro standartlar olimpiadasida qo‘lga kiritilgan uchta oltin medal — O‘zbekiston yoshlarining ilmiy-texnik salohiyati va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi izchil oshib borayotganining yana bir yaqqol dalilidir.
Bu natija, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’lim sohasi, xususan, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimiga qaratayotgan alohida e’tibori, shu asosda yaratilgan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar va Fan olimpiadalari markazi kabi institutlarning samarali faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston standartlar institutining sohaviy bilim va tajribasi bilan uyg‘unlashgan hamkorlik samarasidir.
Bugun mamlakatimizda iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni izchil tayyorlash va xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Endilikda erishilgan natijalarni institutsional jihatdan mustahkamlash, ta’lim tizimi va sohaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yoshlarni xalqaro standartlar va zamonaviy texnik bilimlarga tayyorlash jarayonini tizimli asosda davom ettirish muhim.
Zero, bugungi iqtidorli yosh — ertangi ilmiy-texnik taraqqiyot va milliy standartlashtirish sohasining salohiyatli mutaxassisidir.
J. Murodov,
O‘zbekiston standartlar instituti direktor o‘rinbosari