Intellekt va jamoaviylik uyg‘unligi: “Zakovat”dagi bellashuv
Bugungi kunda davlat idoralari faoliyatida nafaqat kasbiy bilim va tajriba, balki xodimlarning intellektual salohiyati, mantiqiy fikrlashi va jamoada ishlash ko‘nikmalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan ijtimoiy himoya tizimi xodimlari uchun tezkor qaror qabul qilish, tahliliy yondashuv va kuchli tafakkur madaniyati zarur omillardan sanaladi. Shu bois, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tizim xodimlarining ma’naviy-intellektual rivojiga qaratilgan tashabbuslar izchil qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Toshkent shahrida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Ushbu bellashuv nafaqat bilimlar sinovi, balki turli hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni birlashtiruvchi, jamoaviy hamjihatlik va korporativ madaniyatni mustahkamlovchi muhim maydonga aylandi.
[gallery-29565]
“Zakovat” arena intellektual klubi binosida bo‘lib o‘tgan musobaqada Agentlik markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalaridan shakllantirilgan 39 ta jamoa ishtirok etdi.
Ishtirokchilar mantiq, umumiy bilim, tezkor fikrlash hamda jamoaviy hamkorlikni talab etuvchi savollar orqali o‘zaro bahs olib bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar Agentlik tomonidan munosib taqdirlandi. Mazkur intellektual loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida xodimlarning professional rivoji, ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish hamda sog‘lom jamoaviy muhitni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarning amaliy davomi hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA