Institutda “Ochiq eshiklar kuni”
Andijon davlat pedagogika instituti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati Andijon filiali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi asosida mazkur maktab o‘quvchilari uchun institutda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar institutning o‘quv auditoriyalari, zamonaviy laboratoriya xonalari bilan tanishdi. Shuningdek, ular Tabiiy fanlar fakultetining zamonaviy laboratoriya xonalarida ilmiy-tadqiqot ishlari va mashg‘ulotlarida qatnashdi. Tabiiy fanlarning amaliy jihatlari, innovatsion ilmiy ishlanmalar haqida ma’lumotlar oldi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahtiyorjon Rasulov bilan uchrashib, muloqotda bo‘ldi.
Uchrashuvda institut rektori viloyatda ta’lim tizimini rivojlantirish, ilg‘or ta’lim amaliyotlari uchun ma’rifiy makonni yaratish, “Kelajak o‘qituvchisi” va “Ta’lim – jamiyat kelajagi” ta’lim-tarbiya maqsadlarini amalga oshirish, malakali pedagoglar tayyorlash masalalari xususida so‘z yuritdi.

Suhbat davomida o‘quvchilarga yurtimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish, puxta bilim olish muhim ekanligi, bu kelajakda ularga o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi uchun mustahkam zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi. Bu yo‘lda qat’iy bo‘lish xususida hayotiy tajribalar asosida tavsiya va maslahatlar berdi.

Institut rektori o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari