Institutda “Aqlli issiqxona” loyihasi amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Janubiy Koreyaning “Daegu Haany University” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Aqlli issiqxona” loyihasi ilm-fan va amaliyot uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur loyiha xalq tabobati, farmatsevtika, kosmetologiya hamda dorivor o‘simliklar yetishtirish yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan.
[gallery-28953]
Loyiha 2024-yil may oyida “K-MEDI Ipak yo‘li” grant dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hamkorlik natijasida institutda zamonaviy laboratoriya foydalanishga topshirildi. Grant asosida Janubiy Koreya tomonidan 540 ming AQSH dollari miqdorida ilg‘or laboratoriya jihozlari taqdim etildi. Bu esa ilmiy tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, institut hududida barpo etilgan “Aqlli issiqxona”da dorivor o‘simliklarni zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirish, ularning biologik faol moddalari va xususiyatlarini o‘rganish, olingan natijalarni farmatsevtika hamda kosmetologiya sohalariga tatbiq etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida kelgusida “Aqlli issiqxona”lar tarmog‘ini kengaytirish, dorivor o‘simliklar yetishtirish klasterini shakllantirish, farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Mazkur innovatsion loyiha talabalar, magistrlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar uchun muhim ilmiy-amaliy maydon vazifasini bajarmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA