Insonni yer boqadi...
Mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin davrida har kim oʻz uyida qolib, hovlisi va tomorqasidagi har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda.
Mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin davrida har kim oʻz uyida qolib, hovlisi va tomorqasidagi har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Hatto, shunday xonadonlar borki, yillar davomida oʻz tomorqasini oilasining asosiy daromad manbaiga aylantirgan.
Tomorqadan unumli foydalanish oilaviy biznes uchun juda qulay desak mubolagʻa boʻlmaydi. Xorazm viloyati Hazorasp tumanida oʻz tomorqasida oila aʼzolarini doimiy ish bilan taʼminlab, moʻmay daromad hisobiga turmush farovonligini oshirayotganlar koʻp.
–Tumanimizda 32 ming 753 tomorqa egalari mavjud boʻlib ularga 4 ming 173 gektar yer maydonlari berkitilgan, – deydi tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi raisi oʻrinbosari Gʻaffor Rahimov, – tomorqachilarimiz ikki martadan toʻrt-besh martagacha hosil olib kelmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar nafaqat mamlakatimiz balki xorijiy davlatlarning bozorlarida ham sotilmoqda. Biroq, oʻz tomorqasidan maqsadli foydalanmayotganlar, uni parvarishlash uchun imkoniyati cheklanganlar ham bor. Tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda tumanimizdagi 500 dan ortiq kam taʼminlangan oilalarga davlatimiz tomonidan ajratilgan subsidiya evaziga issiqxonalar qurib berildi.
Tomorqa – daromad manbai. Bu gap xalqimiz tilida necha asrlardan buyon qayta-qayta takrorlanib oʻz tasdigʻini topgan naqldir. Zero har qanday zamonda ham insonni yer boqadi. Hazorasp tumanidagi “Gulzor” mahallasida istiqomat qiluvchi 68 yoshli Rustam ota Hojiyev hayotning ana shu haqiqatini anglab yetgan insonlardan sanaladi. Uning hovlisiga kirsangiz, obod tomorqani koʻrib, bahri-dilingiz ochiladi, kayfiyatingiz koʻtariladi. Limon, pomidor, bodring, koʻkatlar va turfa gullarning anvoyi hidi insonni mast qiladi.
Xonadon egasi 10 sotixdan ziyod tomorqasini ikkiga ajratib issiqxona qilgan. Birinchisida limonariya tashkil qilib, ikkinchisiga bodring ekkan. Eng quvonarlisi oilasidagi sakkiz kishining barchasi yil davomida shu yerda ish bilan band. Oila har yili 40-50 million soʻm sof daromad qiladi.
–Bundan 8 yil oldin limonariyamizga 80 tup limon ekdik, – deydi Rustam Hojiyev. – Ularning har biri yil davomida 100 kilogramdan hosil beradi. Bozorda limonlarimizga talab katta. Bundan tashqari issiqxonamizning oʻzidan shu mavsumda ismaloq, koʻk piyoz, sarimsoq piyoz, kashnich, shivit va boshqa koʻkatlar ekib, shuningdek qoʻziqorin yetishtirib qish fasli davomida sotdik. Endilikda ularning oʻrniga pomidor, qovoq, handalak, qovun urugʻlarini qadadik.
Xonadonning qibla tomonida joylashgan tomorqa yer meva va bodring yetishtirish uchun qulay boʻlganligi sababli maydonning yarmiga nok anjir, olma, oʻrik, anor, uzum kabi mevalar ekilgan boʻlib oʻtgan yili faqatgina uzumning oʻzi ikki tonna hosil berdi. Ayni damda esa maydonning yarmini egallagan issiqxonadagi bodringlar hosilga kirgan. Har kuni 150-200 kilogram bodring bozorga joʻnatilmoqda.
–Ushbu bodringlar yilning oxirigacha tinimsiz hosil beradi, – deydi Rustam Hojiyev. – Faqat ularga lozim boʻlgan sharoitni yaratib berish va yaxshi parvarish kerak xolos. Ochigʻi, oilamizni faqat tomorqa boqadi. Chunki yil davomida mehnat qilamiz va barakasini olamiz. Aslida har bir tomorqa egasi karantin davrining har kunini berilgan imkoniyat deb bilishi kerak. Ayni damda qadalgan har bir urugʻ kuzga kelib, oʻzimiz va farzandlarimiz, qolaversa xalqimiz uchun rizqqa aylanadi.
Hojiyevlar xonadoni nafaqat tomorqachilik balki naslli chorva yetishtirish borasida ham mahallada mashhur. Chunki, Rustam ota tomonidan 20 yil davomida jaydari qoramollarni chatishtirish orqali bir tuqqanda ikkita buzoqchani dunyoga keltiradigan sigir zoti yaratilgan. Ayni damda molxonada 30 boshdan ortiq qoramol boʻlsa ularning 6 tasi bolalagan. Ushbu sigirlar kuniga naqd oʻn besh litrdan sut bermoqda. Kuniga 100 litr sut mahallaga sotiladi.
Darhaqiqat, ayni kunda barcha xonadon egalari koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan inqirozli sharoitda tushkunlikka tushmasdan uy ishlarni olib borsa, ayniqsa, tomorqadan unumli foydalansa nafaqat oʻz oilasiga balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham oʻzining munosib hissasini qoʻshgan boʻladi.