Inklyuziv ta’lim bolalarga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi
Mamlakatimizda har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, o‘z aqliy va ijodiy salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, inklyuziv ta’lim tizimining keng joriy etilishi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning jamiyatga integratsiyalashuvi, bilim olishi va ijtimoiy hayotga faol qo‘shilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, Nurafshon shahrida yashovchi Iforzoda Rahmatullayeva ham ana shunday imkoniyatdan foydalangan o‘quvchilardan. Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tavsiyasiga ko‘ra, u shahardagi inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilgan 26-sonli umumta’lim maktabining 1-sinfiga qabul qilindi.
U ilgari inklyuziv ta’lim guruhida birga tarbiyalangan maktabgacha ta’lim tashkilotidagi do‘stlari bilan endi bir sinfda o‘qishni davom ettirmoqda. Bu esa uning yangi muhitga tez moslashishi va darslarni ko‘tarinki ruhda o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.

— Dastlab juda xavotirlangandim, — deydi uning onasi Shahnoza Boboqulova. — Qizimning sinfdoshlari bilan chiqishib ketishi biz uchun juda muhim edi. Baxtimizga, u bog‘chada birga bo‘lgan do‘stlari bilan bir sinfda o‘qiydigan bo‘ldi. Hozirda maktabga katta quvonch bilan qatnab, tengdoshlari qatori bilim olmoqda.
Ta’kidlash joizki, inklyuziv ta’lim nogironligi bo‘lgan bolalarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishi, o‘z o‘rnini topishi hamda jamiyatning faol a’zosiga aylanishida beqiyos ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, joriy o‘quv yilining sentabr oyida Toshkent viloyatida 100 nafardan ortiq o‘quvchi inklyuziv ta’lim tashkil etilgan umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilindi.
A.Musayev,O‘zA