In-vitro kartoshka: O‘zbekistonda hosildorlik 30 tonnagacha oshiriladi (+video)
Ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi: O‘zbekistonda "in-vitro" usulida yetishtirilgan kartoshkaning ilk hosili yig‘ilmoqda. Bu mamlakat kartoshkachiligida yangi sahifa ochmoqda.
Toshkent viloyatidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari koreyalik hamkasblari bilan hamkorlikda innovatsion "in-vitro" usulida yetishtirilgan kartoshkaning dastlabki hosilini yig‘ib olishni boshladi. Ilmni amaliyotga tatbiq etish natijasida yuqori samaradorlikka erishildi. Muassasa ushbu ilk hosildan 4 million dona mini-tuganak olishni rejalashtirgan.
Ilmiy muassasada kartoshkaning serhosil, kasalliklarga chidamli va mahalliy iqlim sharoitiga mos mini-tuganaklari ilk bor issiqxona sharoitida katta hajmda ko‘paytirildi. Jumladan, umumiy 105 ta yengil konstruksiyali isitilmaydigan issiqxonada (har biri 2.5 sotixdan) «in-vitro» usulida yetishtirilgan o‘simliklar parvarish qilindi. Yig‘ib olingan mini-tuganaklar dastlab tashqi muhitga moslashtiriladi, so‘ngra mamlakat dalalarida urug‘lik uchun yana ko‘paytiriladi. Kelgusida bu urug‘liklar shartnoma asosida urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul yetkazib beriladi va tabiiy sharoitda ekish uchun tayyorlanadi.

Mazkur loyiha 2025-yil 8-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2028-yildan boshlab har yili kamida 10 million dona, unuvchanlik darajasi 85 foizdan past bo‘lmagan kartoshka mini-tuganaklari yetishtirilib, xo‘jaliklarga yetkazib berish reja qilingan. Lekin bu marra joriy yilning o‘zida uddalanadi. Natijada 2030-yilga borib respublikada kartoshkaning o‘rtacha hosildorligini hozirgi 16-17 tonnadan 25-30 tonnaga oshirish imkoni yaratiladi. Tabiiy muhitga to‘liq moslashtirilgan mini-tuganaklardan tayyorlangan urug‘liklar avgust oylarida fermer xo‘jaliklari dalalariga yetkazib beriladi.

Ushbu loyihaning ilmiy-tadqiqot institutida ishga tushirilishi tufayli 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mJVlptWpG2Q" title="Kartoshkadan 4 mln mini - tuganak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA