Imkoniyatni natijaga aylantirayotgan ayol
Oramizdagi zamondoshlarimiz Navoiyning olis qishloqlaridan birida bir ayol qo‘liga igna-ip oldi. Boshqa bir hududda esa yana bir xotin-qiz kompyuter oldida o‘tirib, yangi kasbni o‘rganishga kirishdi. Yana biri tadbirkorlik asoslarini o‘rganib, o‘z ishini boshlash haqida o‘yladi. Ular hayotidagi bu kabi kichik qadamlar ortida katta bir maqsad – o‘z mehnati bilan daromad topish, oilasiga ko‘mak berish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish istagi bor edi.
Keyingi yillarida yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, bandligini ta’minlash hamda ilm-fan va jamoat hayotida faol ishtirok etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bugun o‘z natijasini bermoqda.

Bugun ana shu ayollarni bir maqsad atrofida birlashtirib, ularga kasb o‘rganish, tadbirkorlik qilish va o‘zini o‘zi band etish imkonini yaratishga hissa qo‘shayotgan insonlardan biri Gulsanam Norovadir.
U rahbarlik qilib kelayotgan Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bundan roppa-rosa yetti yil oldin – 2019-yil 21-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. Markazning asosiy vazifasi vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘qitish, kasanachilikni rivojlantirish, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ish bilan ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilishlariga ko‘maklashish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Kasb o‘rganishning o‘zi maqsad emas. Asosiy maqsad o‘rganilgan kasb orqali daromad topish, mustaqil bo‘lish va oila farovonligiga hissa qo‘shishdir. O‘tgan yetti yil ichida markazda qariyb 20 ming nafar ishsiz xotin-qiz 63 turdagi kasb-hunarga bepul o‘qitildi. Ulardan 7 263 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi, 2 694 nafari doimiy ishga joylashdi, 3 127 nafari o‘zini o‘zi band qildi.

Olis qishloqlardagi xotin-qizlar bilan ishlash oson emas. Shahar markazlaridagi imkoniyatlar chekka hududlarga har doim ham birdek yetib bormaydi. Kimdir uzoq vaqt farzandi tarbiyasi bilan band bo‘lgan, kimdir kasb o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, yana kimdir iqtisodiy qiyinchilik sababli o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqara olmagan. Ana shunday vaziyatda kasb o‘rgatish oddiy ta’lim emas. Bu insonga o‘z kuchiga ishonishni o‘rgatishdir.
2020-yilda markazning “Navoiy viloyati olis qishloq yoshlari orasida tadbirkorlikni rivojlantirish va moliyaviy savodxonligini oshirish” loyihasi uchun 40 million so‘mlik grant qo‘lga kiritildi. 200 nafar yosh tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘qitildi.
Tashabbuslar har yili davom etdi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 30 million so‘mlik loyiha amalga oshirilib, 100 nafar vaqtincha ishsiz xotin-qiz 11 turdagi kasb-hunarga bepul o‘qitildi. Loyiha yakunida 34 nafar ayol o‘zini o‘zi band qildi, 21 nafariga imtiyozli kredit olishda yordam ko‘rsatildi, 9 nafari ishga joylashtirildi.

Yildan-yilga markazning faoliyat ko‘lami kengayib boraverdi. Xatirchi, Navbahor, Nurota va Qiziltepa tumanlarining olis qishloqlarida amalga oshirilgan 70 million so‘mlik loyiha doirasida 4 752 nafar xotin-qiz turli kasb va yo‘nalishlarda ta’lim oldi. Ularning biri tikuvchilikni, biri pazandachilikni, boshqasi parrandachilik yoki chorvachilikni, yana biri sartaroshlik, buxgalteriya, kompyuter savodxonligi, milliy hunarmandchilik va asalarichilikni o‘rgandi. Hatto “resin art” va milliy qo‘g‘irchoqlar yasash kabi zamonaviy va o‘ziga xos yo‘nalishlar ham qamrab olindi. Natijada 622 nafar ishtirokchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, 416 nafariga imtiyozli kredit olishda amaliy ko‘mak berildi.
Gulsanam Norovaning faoliyati faqat tadbirkorlik bilan cheklanib qolmagan. Uning hayotida ilm-fan ham alohida o‘rin tutadi. Amaliyotda to‘plangan tajribani ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish uning faoliyatidagi muhim jihatlardan biri. 2022-yildan Ozarbayjon Fanlar akademiyasida binar tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritayotgan Gulsanam Norova xotin-qizlar tadbirkorligi, ta’lim, ijtimoiy rivojlanish, moliyaviy savodxonlik va jamoat tashkilotlari faoliyatiga oid masalalarni ilmiy jihatdan o‘rganib kelmoqda.

U ilmni hayotdan uzoq tushuncha deb bilmaydi. Aksincha, ilmning qadri uning amaliyotga xizmat qilishida, deb biladi. Xotin-qizlar tadbirkorligi, moliyaviy savodxonlik va ijtimoiy rivojlanish masalalarini o‘rganish ham uning amaliy faoliyati bilan chambarchas bog‘liq.
Xalqaro tajriba ham uning faoliyatida muhim o‘rin tutadi. 2014-yilda Germaniyada malaka oshirib, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish va yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha tajriba orttirdi. Bu tajriba keyingi faoliyatida ham qo‘l kelgani shubhasiz. 2021-yildan Oliy Majlis Senati huzuridagi “Tadbirkor ayollar” klubi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelayotgani ham uning xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan ishlarini yanada kengaytirish imkonini berdi. O‘sha yilning 21-sentabrida O‘zbekiston - Qirg‘iziston tadbirkor ayollari ishtirokidagi xalqaro biznes-forumda qatnashib, Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi va “O‘sish akademiyasi” intellektual rivojlanish markazi o‘rtasida agro soha bo‘yicha 2 million dollarlik hamkorlik shartnomasi imzolandi.

G. Norova rahbar sifatida minglab xotin-qizlarga kasb va daromad yo‘lini ochishga, tadbirkor sifatida yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga, jamoat faoli sifatida ijtimoiy masalalarga befarq bo‘lmaslikka, olima sifatida esa ilmiy izlanish va tafakkur orqali yangi bilimlar yaratishga intilib kelmoqda. Zero, kasb egallagan ayol – oilasiga tayanch, tadbirkor ayol – iqtisodiy taraqqiyotga hissa, faol ayol – jamiyatning kuchi, olima ayol esa millatning intellektual boyligidir.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri