Ilmiy meros va zamonaviy psixologiya – muloqot markazida
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy psixologiya fanining istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida “Nazariya, tadqiqot va amaliyot integratsiyasi zamonaviy psixologiya rivojlanishining tamoyili sifatida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekistonning taniqli olimi, professor Ergash G‘oziyev xotirasiga bag‘ishlandi.
Universitetning Ijtimoiy fanlar fakulteti psixologiya kafedrasi hamda O‘zbekiston psixologlari ilmiy-amaliy jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz, shuningdek Rossiya, Qozog‘iston va Polsha davlatlaridan yetakchi olimlar an’anaviy hamda ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.
Davra suhbati professor E. G‘oziyevning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan xotira so‘zlari bilan boshlandi. Hamkasblari va shogirdlari uni yuksak fuqarolik pozitsiyasiga ega inson, fan tashkilotchisi va bir necha avlod psixologlarining ustozi sifatida e’tirof etdi.
[gallery-28229]
Konferensiyada mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Oliy iqtisodiyot maktabi, al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Varshava universiteti, Varshava iqtisodiyot maktabi hamda Nikolay Kopernik universiteti olimlari o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdi.
Ma’ruzalarda zamonaviy psixologiyaning dolzarb yo‘nalishlari qamrab olindi. Xususan, shaxs va professional jamoalarning psixologik farovonligi, autentiklik, inson faolligining psixologik asoslari, ijtimoiy barqarorlik omili sifatida psixologik xavfsizlik, madaniy kontekstda suitsidga nisbatan stigmatizatsiya masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda mustaqillikdan so‘ng ilmiy psixologiya rivojiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va akademik almashinuvlarni rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bildirilgan fikr va takliflar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, innovatsion tadqiqot yo‘nalishlarini shakllantirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Professor E. G‘oziyevning ilmiy merosi bugungi kunda ham yangi avlod tadqiqotchilarini ilhomlantirib, psixologiya fanining rivojiga xizmat qilmoqda.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA