Samarqand Global ekologik fond kengashining 71-yig‘ilishi boshlandi
Samarqand shahrida Global ekologik fond (GEF) kengashining 71-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
GEFning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi arafasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda fondga a’zo 186 mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ekologik agentliklar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Global ekologik fond bosh direktori hamda strategiya va operatsiyalar bo‘yicha direktori Klod Gaskon nutq so‘zladi.

Aziz Abduhakimov o‘z so‘zida GEFning Assambleyasi va unga hamroh tadbirlarning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta sharaf ekanligini ta’kidladi.
- Asrlar davomida Samarqand turli qit’alardagi insonlar, madaniyatlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan, - dedi A. Abduhakimov. - Bugun esa shahar umumiy ekologik muammolarni hal etish yo‘lidagi global hamkorlik markazi sifatida barchamizni birlashtirmoqda.
Assambleyaning bu yilgi mavzusi — “2030-yil uchun so‘nggi intilish” — ekologik inqiroz kuchayib borayotgan va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun vaqt tobora qisqarayotgan sharoitda, ayniqsa, dolzarb ekani qayd etildi.

O‘zbekiston GEF bilan uzoq yillik hamkorlikni yuksak qadrlashi ta’kidlandi. Hamkorlik yillari davomida jamg‘arma mamlakatga biologik xilma-xillikni saqlash, jumladan, qor qoplonini muhofaza qilish, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, iqlimga chidamlilikni oshirish, yer va chiqindilarni barqaror boshqarish tizimlarini takomillashtirishda ko‘maklashdi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi GEF loyihalari portfeli umumiy qiymati 56 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta yangi loyiha portfeli ham shakllantirilgan.
Kengash yig‘ilishlari davomida okeanlar va bioxilma-xillikni saqlash, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda aralash moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga oid loyihalar muhokama qilinadi. Xususan, qayta tiklanuvchi energetika va energiya saqlash tizimlari, jumladan, O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tashabbuslar ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, GEF-9 dasturiy strategiyasini tasdiqlash, eng kam rivojlangan mamlakatlar va kichik orol davlatlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyatlarning ekologik maqsadlarga erishishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi. Assambleya arafasida Samarqandda GEF fuqarolik jamiyati tashkilotlari Forumi ham o‘tkaziladi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari