Ilk ziyoratchilar navoiyliklar boʻldi
FOTOREPORTAJ
Bugundan boshlab “Vaqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tasarrufidagi Xoʻja Doniyor, Imom Moturidiy, Hazrati Xizr, Shohi Zinda meʼmoriy majmualari, Ruhobod maqbarasi, Xoʻja Abdu Darun, Xoʻja Abdu Berun, Murod Avliyo, Xoʻja Isʼhoqi Valiy masjid-ziyoratgohi, Xoʻja Ahror Valiy, Mahdumi Aʼzam, Shayx Xudoydodi Vali va Xoʻja Hofiz Merosiy ziyoratgohlari faoliyati qayta yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, XI asrdan XX asr boshiga qadar shakllangan mashhur Shohi Zinda meʼmoriy yodgorligiga erta tongdan ziyoratchilar tashrif buyura boshladi. Ilk ziyoratchilar navoiyliklar boʻldi.
– Oʻzim asli Jizzax shahridanman, - deydi Ulugʻbek Toʻraqulov. – Ayni paytda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Toshrabot tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktoriman. Shohi Zinda majmuasini tez-tez ziyorat qilib turaman. Hech boʻlmaganda 6 oyda bir tashrif buyuraman. Chunki, buvim mazkur ziyoratgohni ziyorat qilish asnosida otamga farzand tilab, oʻgʻil farzand tugʻilsa ismini Ulugʻbek qoʻyaman deb niyat qilgan ekanlar. Asosan Temuriylarga mansub maqbaralardan iborat majmuaga shu tariqa taqdir meni bogʻlagan. Shuning uchun esimni tanibmanki bu muqaddas zamin ziyoratini kanda qilmayman. Mana karantindan keyin ham ilk ziyoratchi boʻlib turibman. Jizzaxga xodimlarim bilan birga ish yuzasidan kelgan edik. Alloh dilimizga solgan ekan, bugundan ziyoratgoh ochildi. Belgilangan talablarga rioya qilgan holda ziyorat qildik. Oʻziga xos ruhiy quvvat bilan Navoiyga borib yana ishimizni davom ettiramiz.


Majmuaning kirish qismiga karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar oʻrnatilgan. Har bir ziyoratchi belgilangan talablarga asosan tegishli tartibda nazorat bilan majmuaga kiritilmoqda.
- Majmuadagi asosiy ziyoratgoh joy Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbos (r.a.) maqbaralari hisoblanadi, - deydi majmua rahbari oʻrinbosari Samariddin Mirzayev. – Paygʻambarimizning hadislarida aynan u kishi toʻgʻrisidagi quyidagi soʻzlar Qusam ibn Abbos maqbarasi kirish eshigi peshtoqiga bejiz yozilmagan: “Qusam ibn Abbos oʻz xulqlari va tashqi koʻrinishlari bilan menga oʻxshaydigan shaxslardandir”. Shu bois, bu yerga keluvchilar soni ancha yuqori. Mana guvohi boʻlib turganingizdek ilk kundanoq erta tongdan ziyoratchilar tashrifi boshlandi. Ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida karantin qoidalarida belgilangan barcha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ziyoratchilar faqatgina majmuaning belgilangan ziyorat joylariga kiritiladi. Majmuadagi masjid faoliyati hali yoʻlga qoʻyilmagan. Ziyorat davomida oraliq masofalarni saqlashga amal qilinishi xodimlarimiz tomonidan nazorat qilinmoqda.


Qadimiy Samarqand – Afrosiyob shahrining janubiy yon bagʻirlari boʻylab joylashgan mashhur majmuaning bugungi kundagi mavjud qismi Amir Temur va Temuriylar davrida qurilgan. Afsuski, uning XI-XII asrlarga oid asosiy qismi qariyb yoʻq boʻlib ketgan.
