“Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
maktab terma jamoalarini shakllantirish, maxsus platformada ro‘yxatdan o‘tkazish;
tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita hakamlar hay’ati, apellyatsiya komissiyasini tashkil etish, ularning vazifa va funksiyalarini belgilash;
tanlovning tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarini o‘tkazish, tanlov g‘oliblarini aniqlash hamda ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, tanlov har yili 3 bosqichda - tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida maktablar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi.
Unda har bir maktabdan faqat bitta terma jamoa ishtirok etadi, maktab terma jamoasi 8- 10-sinfning 5 nafar o‘quvchilari hamda 1 nafar fizika fani o‘qituvchisidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Innovatsion texnoparkka ega bo‘lgan maktablarda mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra fizika fani o‘qituvchisiga tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi.
Ikki oy muddatda tanlovda ishtirok etadigan maktablarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda maktab terma jamoalari o‘qituvchi va o‘quvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (o‘qituvchilarning malaka toifa sertifikatlari, o‘quvchilarining milliy va xalqaro sertifikatlari, o‘quvchilarning fizika fanidan mahalliy hamda xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtiroki) baholash imkonini beruvchi maxsus platforma yaratiladi.
Qaror bilan Muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari ro‘yxati tasdiqlandi. Biriktirilgan texnikumlarga quyidagi vazifalar yuklanadi:
muhandislik bo‘yicha kreativ fikrlaydigan o‘quvchilarni “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida tadbirlarga jalb qilish;
sanoat korxonalariga ekskursiyaga olib borish va o‘quvchilarni ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishtirish;
kasb egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali ularni muhandislik sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish;
o‘quvchilarni texnikumlardagi mos kasb va mutaxassisliklar bilan tanishtirib borish va amaliy darslarga jalb etish.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘rtasida “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish, o‘tkazish hamda tanlov g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarning 8, 9 va 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida har yili xolislik, oshkoralik va adolat tamoyillariga rioya qilingan holda o‘tkaziladi.
Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar tanlovga jalb etilmaydi.
Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul ishchi organ hisoblanadi.
Tanlov uch bosqichda - tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika bosqichlarida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun: oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga muvofiq “O‘zbekiston - ilg‘or muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish doirasida:
har yili umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovini o‘tkazish;
tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatini tashkil etish;
tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan maktabga Davlat byudjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini o‘z ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratish belgilangan edi.
O‘zA