Ikkinchi mutaxassislik uchun qabul boshlandi: yangi kasb va yangi imkoniyat sari muhim qadam
2026-yil 10-iyuldan boshlab oliy ma’lumotga ega fuqarolar uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olishga hujjatlar qabul qilish jarayoni rasman start oldi. Endi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘z kasbiy bilimlarini kengaytirish, yangi yo‘nalishni egallash yoki mehnat bozori talablariga moslashish imkoniga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda mehnat bozorida faqat bitta mutaxassislik bilan cheklanib qolish yetarli emas. Raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, innovatsion texnologiyalar va xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi insondan doimiy o‘qish va o‘z ustida ishlashni talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan ikkinchi oliy ta’lim nafaqat diplom, balki yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim vosita hisoblanadi.
Hujjatlar 2026-yil 10-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Abituriyentlar ariza topshirishda fuqarolik pasporti yoki ID-karta ma’lumotlari, bakalavr diplomi hamda uning ilovasining elektron nusxasi, shuningdek, o‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini tanlashi lozim.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlar ta’lim muassasalari tomonidan 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlar belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.
Muhim jihatlardan biri shundaki, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari markazlashgan tarzda emas, balki har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi. Bunda universitetning ilmiy-pedagogik salohiyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda moddiy-texnik bazasi inobatga olinadi. Bu esa ta’lim sifatini ta’minlash va imkoniyatlarni real holatdan kelib chiqib rejalashtirishga xizmat qiladi.
Albatta, ikkinchi oliy ta’lim to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Biroq bugungi raqobat sharoitida qo‘shimcha bilim va yangi mutaxassislikka ega bo‘lish kelgusida yuqori daromadli ish o‘rni, lavozim o‘sishi yoki yangi sohada faoliyat boshlash uchun muhim investitsiya hisoblanadi.
Bugun iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida ko‘p tarmoqli bilimga ega mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. Masalan, muhandis iqtisod sohasini, huquqshunos axborot texnologiyalarini, pedagog esa psixologiya yoki menejmentni chuqur o‘rganishi orqali o‘z mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Ikkinchi mutaxassislikni tanlash — bu shunchaki yana bir diplom olish emas. Bu insonning o‘z kelajagiga, bilim va malakasiga qaratilgan uzoq muddatli sarmoya bo‘lib, zamon bilan hamnafas rivojlanishning eng samarali yo‘llaridan biri hisoblanadi. Shu bois, o‘z faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishni istagan fuqarolar uchun mazkur qabul jarayoni muhim imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA