Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun sunnat to‘yi tashkil etildi
Yangihayot tumanida mehr-oqibat va saxovat an’analarini ulug‘lovchi xayrli tadbir o‘tkazildi.
Tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hamda Xalq demokratik partiyasi hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 12 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi tashkil etildi.

Samimiy va ko‘tarinki ruhda kechgan tadbirda bolajonlar va ularning ota-onalari uchun bayram dasturi namoyish etildi. Quvnoq kuy-qo‘shiqlar, dilxush chiqishlar va bayramona muhit ishtirokchilarga unutilmas onlarni taqdim etdi.

Bunday xayrli tashabbuslar nafaqat ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, balki jamiyatda mehr-shafqat, bag‘rikenglik va o‘zaro hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Tadbir yakunida mutasaddilar va homiylar tomonidan bolalar hamda ularning ota-onalariga esdalik sovg‘alari topshirilib, ezgu tilaklar bildirildi. Farzandlar yuzidagi quvonch va ota-onalarning minnatdorlik hissi tadbirning eng qimmatli natijasi bo‘ldi.
N.Rahmonova,
O‘zA