Ijtimoiy himoya: talaba tashabbusi bilan xayrli ishlar yo‘lga qo‘yildi
Andijon davlat pedagogika instituti oligofrenopedagogika yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Imonaxon Habibullayeva o‘zi yashayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Savay mahallasida “Nurli qalblar” deb nomlangan kunduzgi parvarish muassasasini tashkil etdi.
Bugungi kunda oliy ta’limning muhim vazifalaridan biri talabaga nafaqat nazariy bilim berish, balki uni tashabbuskor, amaliy ko‘nikmalarga ega, tadbirkor va yangi ish o‘rinlari yarata oladigan salohiyatga ega mutaxassis sifatida tayyorlashdir.
Bu borada Andijon davlat pedagogika institutida tashabbuskor va malakali mutaxassislar tayyorlash, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, institutning 3-bosqich talabasi Imonaxon Habibullayeva o‘z mutaxassisligi yo‘nalishida tashkil etgan “Nurli qalblar” kunduzgi parvarish muassasasida 50 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus parvarish va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar olib borilmoqda.


Muassasada faoliyat olib borayotgan 25 nafar xodimning 6 nafari Andijon davlat pedagogika instituti talabalaridir. Ular bir vaqtning o‘zida ta’lim olmoqda, amaliy faoliyat bilan shug‘ullanib, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
Talaba Imonaxon Habibullayeva ta’lim, amaliyot va tadbirkorlikning uyg‘unlashishi amalda qanday natija berishi mumkinligini ko‘rsata oldi. Uning tashabbusi bilan 25 kishining bandligi ta’minlandi, 50 nafardan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan bolaga xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi, talabalar uchun amaliy tajriba maydoni yaratildi.
Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyor Rasulov talaba tashabbusi bilan tashkil etilgan “Nurli qalblar” kunduzgi parvarish muassasasida bo‘lib, muassasa faoliyati, yaratilgan sharoitlar va imkoniyati cheklangan bolalar ishtirokidagi mashg‘ulotlar bilan tanishdi.
Shuningdek, rektor muassasada dual ta’lim asosida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan talabalar bilan ham muloqot o‘tkazib, ularning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash jarayoni, kasbiy ko‘nikmalari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi.


Maskan faoliyati bilan tanishish asnosida rektor muassasa faoliyatini yanada rivojlantirish, talaba tashabbusini qo‘llab-quvvatlash hamda institut bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, “Nurli qalblar” muassasasini institutning amaliyot bazasiga aylantirish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. Ana shu taklif asosida institut va muassasa o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Mazkur hamkorlik institut talabalariga bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, maxsus pedagogika yo‘nalishda amaliy tajriba orttirish va bo‘lajak mutaxassis sifatida shakllanish uchun keng imkoniyat beradi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri