Ijtimoiy himoya: “Aqlli” va “Yashil ta’mir”li uylar
Qo‘qon shahrida bugungi kunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda shaharda ana shunday toifaga mansub 104 nafar fuqaroga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Hadiyaxon aya Mamadjanova 60 yoshni qarshilagan. Salomatligi bilan bog‘liq muammolar tufayli kundalik turmush ishlarini mustaqil bajarishda qiynaladi. Fuqaroning holati “Inson” markazi mutaxassislari tomonidan xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan Bartel va Louton shkalalari asosida baholandi. Baholash natijalariga ko‘ra, Hadiyaxon aya 51 ball bilan “o‘zganing yordamiga ancha bog‘liq” toifasiga kiritildi. Shunga ko‘ra, fuqaroga assistent biriktirildi va haftaning to‘rt kunida 3 soatdan uyda maishiy xizmatlar, haftaning qolgan uch kunida 2 soatdan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlandi.
Hadiyaxon ayaning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida unga har oyda minimal iste’mol xarajatlari uchun moddiy yordam to‘lab kelinyapti. E’tiborli jihati shundaki, Hadiyaxon ayaning xonadoni zamonaviy “aqlli uy” texnologiyasi bilan jihozlandi. Endi u ortiqcha jismoniy qiyinchiliklarsiz, ovoz orqali xonadondagi maishiy jihozlarni masofadan turib boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yoritish va xonani shamollatish tizimlari, televizor va boshqa qurilmalarni tovush orqali idora qilish imkoniyati Hadiyaxon aya uchun katta yengillik yaratdi. Bu kabi zamonaviy yechimlar nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarning kundalik hayotini yengillashtiradi, balki ularning mustaqil yashash imkoniyatini kengaytiradi, hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Navbatdagi manzil – viloyatning Dang‘ara tumani. Davlat rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, I guruh nogironligi bo‘lgan hamda mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lmagan oilalar xonadonlarini “yashil” ta’mirlash bo‘yicha amaliy ishlar jadallik bilan olib borilyapti. Jumladan, tumandagi jami 44 ta mahalla bo‘yicha o‘rganish ishlari tashkil etilib, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan hamda qaror talablariga mos keluvchi 16 ta oila aniqlandi.
Amalga oshirilgan ishlar davomida 9 ta xonadonda devor va tom qismlarini izolyatsiya qilish, 15 ta xonadonda energiya tejamkor deraza va eshiklar, 6 ta xonadonda geliokollektor o‘rnatish bo‘yicha ishlar bajarildi. Natijada ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, energiya sarfini kamaytirish hamda xonadonlarda issiqlikni saqlash imkoniyatini oshirishga erishildi.
Pishqaron mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Madaminjon Ashurov xonadonining 50 m² tashqi devorlari bazalt qoplamasi bilan qoplandi. 50 m² tom qismi hamda 80 m² pol qismi izolyatsiya qilindi, issiq suv uchun geliokollektr, issiqlik tejovchi 3 ta rom va 1 ta eshik o‘rnatildi. Shuningdek, oila doimiy qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishi uchun xonadonning bir qismida savdo do‘koni tashkil etildi.
Umuman olganda, Prezidentning ushbu qarori ijrosi doirasida Dang‘ara tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning turmush sharoitini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish hamda ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar tizimli ravishda davom etyapti. Qo‘qon shahrida yashovchi Hadiyaxon aya yoki dang‘aralik Madaminjon Ashurov kabi ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor – inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu islohotlarning amaliy ifodasidir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA