IIB xodimi “Bo‘rijar” kanalida cho‘kayotgan 13 yoshli bolani qutqarib qoldi (+video)
Poytaxtning “Bo‘rijar” kanalida cho‘milish vaqtida cho‘kayotgan 13 yoshli Muhammadni Yakkasaroy tumani IIO FMB Post-patrul xizmati inspektori Rasul Jo‘rayev qutqarib qoldi. Shuningdek, qutqaruv jarayonida yordam ko‘rsatgan fuqaro Zuxriddin Eshquvvatovning jasaroti va tezkor harakati tufayli bolaning hayoti saqlab qolindi.
Qahramon bo‘lib tug‘ilmaydilar, qahramon bo‘lib yetishadilar. Jasorat, sadoqat va Vatanga muhabbat inson qalbida yillar davomida tarbiyalanadi. Bu tarbiyaning ilk poydevori esa oilada qo‘yiladi. Farzandini el-yurt tinchligi, xalq xavfsizligi va inson hayotini hamma narsadan ustun qo‘yadigan mard o‘g‘lon etib voyaga yetkazayotgan ota-onalar har qanday e’tirofga munosib.
Harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar safida xizmat qilayotgan har bir xodimga davlat bejiz ishonch bildirib, sharafli harbiy libosni kiydirmagan. Bu harbiy libos ortida yuksak mas’uliyat, matonat va eng muhimi, inson hayoti uchun kurashishga tayyor qalb mujassam.
Poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Bo‘rijar kanalida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa ana shu ishonchning amaldagi yorqin isbotiga aylandi. Voyaga yetmagan bolaning hayoti bir necha soniyalar ichida fojia bilan yakunlanishi mumkin edi.
Ammo Patrul-post xizmati xodimining tezkorligi, jasorati va kasbiga sadoqati tufayli bir bolaning hayoti saqlab qolindi.
Inson hayotini saqlab qolish esa — har qanday mukofotdan yuksakroq sharafdir. Bu jasorat ortida yillar davomidagi tayyorgarlik, temir intizom, yuksak mas’uliyat va xalqqa xizmat qilishga berilgan qasam turadi.
Hodisa haqida batafsil video davomida tanishasiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/esIZqcPgL-w" title="YouTube video player" frameborder="0" allowfullscreen></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA