Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Bo‘zatov tumani “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida fuqarolar tashabbusi bilan ilgari surilgan muhim loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Loyiha doirasida Qurilishchi, T.Qayipbergenov, Erkin, Berdaq guzari hamda N.Japaqov ko‘chalarini asfaltlash taklifi fuqarolar tomonidan eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib deb topilgan edi. Aholining faol ishtiroki, hamjihatligi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida mazkur loyiha bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Belgilangan muddatda olib borilgan qurilish ishlari sifatli tashkil etilib, ko‘chalarga zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizildi.
Ushbu loyiha hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay sharoit yaratish hamda fuqarolar tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda “Tashabbusli byudjet” dasturining muhim ahamiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
***
Ellikqal’a tumanida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida hamda uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida “Sen iste’dodlisan” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Men ham shu Vatanning bunyodkoriman!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovda o‘quvchilar estrada-vokal, an’anaviy ijrochilik va tasviriy san’at yo‘nalishlarida o‘z iste’dod va mahoratini namoyish etdilar.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy qobiliyati, san’atga bo‘lgan qiziqishi va intilishlarini namoyon etib, barchada iliq taassurot qoldirdilar.
Hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholangan g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan barcha o‘quvchilarga ham diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Nukusda “Yilning eng faol kutubxonachisi” respublika tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda mamlakatimizning barcha hududlaridan eng namunali kutubxonachilar ishtirok etib, belgilangan shartlar asosida o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etdi.

O‘ta mazmunli o‘tgan tanlov yakunida, birinchi o‘rinni Sirdaryo viloyati ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasining metodika-bibliografiya bo‘limi yetakchi kutubxonachisi Dilmurod Mustafoyev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasining kutubxona ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jadra Mao‘keshova egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Tanlov yakunida g‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
***
Shumanay tumanida 14–30 yoshli yoshlar o‘rtasida voleybol, mini futbol, shaxmat va shashka bo‘yicha "Xorazm viloyati hokimi kubogi" musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqaning asosiy maqsadi — yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, Xorazm viloyati Sport boshqarmasi hamda Shumanay tumani hokimligi vakillari ishtirok etib, jarayonlarni bevosita kuzatib bordilar.
G‘olib va sovrindorlar Xorazm viloyati hokimligi tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri