Ichki ishlar tizimida jinoyat emas, nazorat oshdi
IIV Madaniyat saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumani bu safar oddiy hisobot emas, balki tizimdagi real o‘zgarishlar, erishilgan natijalar va ochiqlik tamoyilining amaliy ifodasiga aylandi.
“Ochiqlik va xalq bilan muloqot — asosiy mezon” mavzusida tashkil etilgan tadbirda vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti rahbari, polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida ichki ishlar organlarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha rahbarlar, shuningdek OAV va blogerlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida nafaqat statistik raqamlar, balki bu raqamlar ortidagi tizimli yondashuv, muammolar va ularning yechimlari ochiq muhokama qilindi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar ichki ishlar organlarining zamonaviy texnik vositalari va raqamli tizimlari bilan tanishdi. Bu esa tizimda olib borilayotgan islohotlar qog‘ozda emas, amalda ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng tergov departamenti rahbari, polkovnik Ramazon Ashropov tomonidan IIV faoliyatining joriy yil birinchi choragidagi natijalar keng qamrovda taqdim etildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ichki ishlar organlari faoliyatida asosiy urg‘u aholiga yaqinlashish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan. Qisqa muddat ichida mingdan ortiq fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilib, murojaatlarning katta qismi joyida hal etilgani tizimda tezkorlik va ochiqlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotgani, markazdan turib emas, hududlarga tushib ishlash amaliyoti kengayganini ko‘rsatadi.
Raqamlashtirish yo‘nalishida ham erishilgan natijalar tizimdagi tub o‘zgarishlarni namoyon etadi. Davlat xizmatlarining aksariyati elektron shaklga o‘tkazilib, qisqa vaqt ichida 1,5 mlnga yaqin xizmat masofadan turib ko‘rsatilgan.
Jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida qayd etilgan natijalar hisobotning eng muhim qismlaridan biri bo‘ldi. Xususan, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 83,8 foizi fosh etilgani, 2 193 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingani hamda jinoyatlarni aniqlash samaradorligi 37,1 foizga oshgani tizimning faqat sodir bo‘lgan holatlarga javob berish emas, balki faol qidiruv va tezkor ishlash bosqichiga o‘tganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jinoyat turlari tahlili giyohvandlik bilan bog‘liq holatlar ustun ekanini ko‘rsatib, bu yo‘nalishdagi xavf hali ham dolzarbligicha qolayotganini anglatadi.
Tadbirda moliyaviy natijalar ham alohida qayd etildi. Unag ko‘ra, jinoyatlar natijasida yetkazilgan 484,1 mlrd so‘mlik zararning tergov jarayonidayoq qoplab berilgan. Shuningdek, 12 ta narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yilib, 872 kg.dan ortiq narkotik moddalar hamda yuz minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan chiqarilgan.
Zamonaviy tahdidlar qatorida qisqa vaqt ichida 3 554 ta kiberjinoyat fosh etilgani, 32 mlrd so‘mlik mablag‘larning noqonuniy aylanmasining oldi olingani, minglab bank kartalari bloklash orqali minglab fuqarolarning moliyaviy xavfsizligi ta’minlangani raqamli xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil kuchaytirilayotganini ko‘rsatadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida esa qariyb 2 mln.ga yaqin qoidabuzarlik aniqlangan. Bu esa o‘z navbatida nazorat tizimi sezilarli kuchaytirilganini anglatadi.
Shuningdek, tadbirda eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida profilaktika ishlariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Jumladan, 13 mingdan ortiq oilaning ajrimdan saqlab qolingani, 29 mingdan ziyod ayolning himoyaga olingani, minglab yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani hamda yuz minglab muammolarning xonadonma-xonadon o‘rganilgani ichki ishlar organlari faoliyati faqat jazolash emas, balki jamiyatdagi muammolarni erta bosqichda hal etishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, matbuot anjumanida olingan eng muhim xulosa shu bo‘ldiki, bugungi kunda jinoyatni fosh qilishdan ko‘ra oldini olishga urg‘u kuchaygan. Shu bilan birgalikda, raqamli (kiber) jinoyatlarning keskin o‘sib borayotgani, shuningdek, nazorat kuchaygani sabab statistikalar ham ko‘proq o‘sib borayotganligi seziladi.
Muloqot yakunida jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan ochiq va asosli javoblar berildi.
Bu esa tadbirning formal hisobotlardan iborat emas, balki haqiqiy muloqot maydoniga aylanib borayotganini tasdiqlaydi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA