“Bu dunyoning ko‘rki odam bolasi”
Qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yorqin namoyandasi, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludi munosabati bilan Nukus shahridagi haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Yozuvchi va shoirlar, olimlar yoshlarga shoirning hayoti, ijodi, asarlarining nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki sharq xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, ijodining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.
Institut talaba-yoshlari shoir she’rlaridan parchalar, yurtimizning taniqli ijodkorlari shoirning xotirasiga atab yozgan she’rlarini o‘qidi.

Shu kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Bu dunyoning ko‘rki odam bolasi” mavzusida respublika ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan olimlar, taniqli yozuvchi va shoirlar, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodi, shoir asarlarining o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa turkiy xalqlar adabiyotida tutgan o‘rni, XIX asrdagi qoraqalpoq adabiyotining rivojlanishida Ajiniyoz ijodining ahamiyati, bugungi kunda uning asarlarini o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazilishi kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2024-yilning 16-iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida hassos shoirning yubileyi respublika va xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Darhaqiqat shoir dunyoni chuqur va o‘tkir tanigan, qoraqalpoq xalqining ma’naviy dunyosini boyitishga katta hissa qo‘shgan, adabiyotimizni nafaqat rivojlantirib, qo‘shni xalqlarga tanitgan ulug‘ zotdir. O‘zi yashagan davrda feodal munosabatlari hukm surib turgan bo‘lsa-da, uning aql-idroki bir asr oldinga rivojlanib, “bu dunyoning ko‘rki ‒ odam bolasi” ekanligi haqida gumanistik xulosaga kelganligi ham uning insoniy fazilatlarini ko‘rsatib beradi.
Konferensiyada ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar shoir ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, shu bilan birga, ijodining yangi qirralarini kashf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyati bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA