Yo‘l madaniyati — hayotga ehtirom mezoni
Inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish har qanday jamiyat taraqqiyotining eng ustuvor mezonlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, yo‘llarda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda davlat idoralari bilan bir qatorda siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi tobora mustahkamlanib, yo‘l harakati xavfsizligi umumxalq vazifasiga aylanmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan viloyat Transport boshqarmasi hamda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida Buxoro avtoshoh bekatida “Yo‘l madaniyati – xavfsiz hayot kafolati” shiori ostida keng qamrovli targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya davomida jamoat transporti haydovchilari, yo‘lovchilar va fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, belgilangan tezlik me’yorlariga rioya etish, piyodalarning ustuvor huquqlarini hurmat qilish, xavfsizlik kamarlaridan foydalanish, yo‘lovchilarning o‘z xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga targ‘ibot bukletlari tarqatilib, yo‘l harakati madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar yetkazildi.

Mazkur aksiya respublika miqyosida 3–21-avgust kunlari o‘tkazilayotgan “Yo‘l madaniyati – xavfsiz hayot kafolati” loyihasining muhim qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida mahallalar, mehnat jamoalari, avtoshoh bekatlari, temir yo‘l vokzallari, bozorlar va aholi gavjum hududlarida profilaktik uchrashuvlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari va ochiq muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda profilaktikaning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash faqat yangi avtomobillar, keng ko‘chalar yoki zamonaviy texnik vositalar bilan emas, balki insonning ichki madaniyati va mas’uliyati bilan ham chambarchas bog‘liq. Haydovchi tezlikni oshirmasa, piyoda belgilangan joydan yo‘lni kesib o‘tsa, yo‘lovchi xavfsizlik talablariga amal qilsa, eng muhimi, har kim boshqalarning hayotini o‘z hayoti kabi qadrlasa, yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamayadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus nafaqat targ‘ibot tadbiri, balki jamiyatda huquqiy madaniyatni mustahkamlash, fuqarolarda qonunlarga hurmat va shaxsiy mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan muhim ijtimoiy loyihadir. Bu kabi amaliy ishlar davlat idoralari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugun yo‘l madaniyati deganda faqat haydovchining intizomi emas, balki piyodaning ongli harakati, velosipedchining qoidalarga amal qilishi, yo‘lovchining mas’uliyati va har bir fuqaroning o‘zgalar hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi tushuniladi. Bu — taraqqiy etgan jamiyatning eng muhim belgilaridan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri