Ichimlik idishlarini qabul qiluvchi qurilma o‘rnatildi
O‘zbekistonda plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini alohida yig‘ish va qayta ishlashga topshirishni rag‘batlantiruvchi pilot loyiha ishga tushirildi. Ya’ni, endilikda plastik va alyuminiy idishlarni fandomatga topshirish orqali donasiga 150 so‘mgacha pul olish mumkin.
Loyiha Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Norvegiyaning chiqindilarni avtomatik yig‘ish va saralash texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, aholi saralangan plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirib, har bir idish uchun 150 so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi.
Bunda har bir idish uchun 150 so‘m pul mablag‘i fuqaroning Click elektron hamyoniga o‘tkazilishi yoki fuqaro ixtiyori bilan pul xayriyaga sarflanishi mumkin. Tushgan mablag‘lar esa xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga yo‘naltiriladi.
Ushbu qurilma plastik chiqindilar bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish barobarida ularni qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, loyiha chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish va aholining ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda mazkur qurilma Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 7A-uy manzilida hamda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida o‘rnatilgan.
M.Komilova,
O‘zA