Toshkent IIBB: Eng yaxshi yosh kitobxon aniqlandi
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarning kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent shahar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» ko‘rik-tanlovi shu maqsadga qaratilgan.
Tanlovda sohaga oid ilmiy, tarixiy, badiiy va ommabop yo‘nalishlardagi adabiyotlardan olingan parchalar orqali asar nomini topish va uning g‘oyasi, ahamiyati, bugungi kun bilan bog‘liqligini og‘zaki sharhlash; tezkor savol-javob – sohaga oid o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlaridan tuzilgan savollarga javob topish; buyuk mutafakkir va adiblarning hayoti, ijodi, asarlari haqida ma’lumot berish – monitor orqali raqam tanlab, uning ortida surati berilgan adib va yozuvchining kim ekanini topish kabi shartlar bajarildi.

Xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga vaqt topib, o‘z bilim va dunyoqarashini kengaytirib kelayotgan xodimlarning g‘ayrat-shijoati, bilimga bo‘lgan chanqoqligi hakamlar tomonidan munosib e’tirof etilib, eng yaxshi yosh bilimdonlar aniqlab olindi.
G‘oliblarga IIBB rahbariyatining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA