Ibratli uchrashuv
Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabida sudyalar oliy kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan joylarda sud faxriylarining ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlangan “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Uchrashuv mazkur ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud tizimi faxriysi Arzibiyke Janibekovaning sharafli hayot yo‘liga bag‘ishlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi Paraxat Aytniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi Kamal Tarixov va boshqalarning ta’kidlaganidek, jamiyat taraqqiyoti, uning ma’naviy qiyofasi va kelajak avlod kamoloti, avvalo, el-yurt manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan insonlarga bo‘lgan munosabat bilan o‘lchanadi. Zero, umrini xalq xizmatiga bag‘ishlagan, adolat va insof tamoyillariga sodiq qolgan insonlarni e’tirof etish bu nafaqat hurmat, balki jamiyatning o‘z qadriyatlariga bo‘lgan sadoqatini namoyon etadi.

Uchrashuvda so‘z olganlar Arzibiyke Janibekovaning ko‘p yillik samarali mehnat faoliyati, sud tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi va boy hayotiy tajribasi haqida to‘xtaldi. Uning faoliyati barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlar uchun haqiqiy namuna ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir doirasida maktab jamoasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari, shuningdek, kitoblar jamlanmasi topshirildi. Sudyalar oliy kengashi tomonidan ta’lim muassasasiga Arzibiyke Janibekovaning mehnat faoliyatini aks ettiruvchi maxsus peshlavha taqdim etildi. U sudyalar hamjamiyatining ushbu dargohga bo‘lgan yuksak ehtiromi va kelajak avlodga bildirilgan ishonch ramzi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Samimiy muloqotlar davomida ustozning bolalik va maktab davrlari yodga olindi. Tadbir maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yanada fayzli tus oldi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, ta’lim muassasasi obodonchiligiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.