Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent shahrida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga muvofiq, Jurnalistlar uyushmasi sohadagi davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish uchun audio, video va boshqa mediakontentlar tayyorlash ishlariga o‘z a’zolarini keng jalb etadi. Tomonlar oila institutini mustahkamlash va milliy qadriyatlarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida xorijiy auditoriya uchun sifatli jurnalistik materiallar tayyorlash hamda “Oltin qalam”, “Atirgul” kabi ko‘rik-tanlovlar orqali eng yaxshi ijodiy ishlarni aniqlab, mualliflarni munosib rag‘batlantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, hamkorlik doirasida muntazam ravishda mediaturlar, matbuot anjumanlari va brifinglar tashkil etilib, ularda OAV vakillarining faol ishtiroki ta’minlanadi.
Bundan tashqari, qo‘mita tizimi xodimlari va xotin-qizlar faollarining media sohasidagi ko‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus seminar-treninglar o‘tkazish, sohaga oid axborotlarni yig‘ish asosida chuqur tahliliy materiallar tayyorlash hamda tizim axborot xizmatlariga raqamli kommunikatsiyalar yo‘nalishida metodik yordam ko‘rsatish ustuvor vazifa etib belgilandi. Hujjatda ijtimoiy tarmoqlarda faol blogerlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda joylarda jurnalistika sohasi faxriylarini e’zozlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish masalalari ham o‘z aksini topgan.

O‘zA