Huquqiy yordam vaucheri – ijtimoiy adolatning amaliy ifodasi
Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishda malakali yuridik yordam muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun huquqiy xizmatlarning ochiq va qulay bo‘lishi adolatli jamiyat barpo etishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
Konstitutsiyada har kim malakali yuridik yordam olish huquqiga ega ekani belgilangan bo‘lib, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi kafolatlangan.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun hamda mazkur sohada qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar aholining huquqiy himoyasini kuchaytirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
“Huquqiy yordam vaucheri” mexanizmi mazkur yo‘nalishdagi yana bir qadam.
“Madad” nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) bosh mutaxassisi Afzalbek Ahmedovning qayd etishicha, mazkur mexanizm huquqiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholining odil sudlovga erishishini ta’minlash va ijtimoiy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar tahlili aholining aksariyati sud jarayonlarida ishtirok etish uchun advokat jalb qilishda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatgan.
Shundan kelib chiqib, inson huquqlarini ta’minlash sohasida ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganildi va aholining huquqiy ehtiyojlariga mos “Huquqiy yordam vaucheri” loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Ellikqal’a va Chimboy tumanlarida sinov tariqasida amalga oshirildi. Ijobiy natijalar asosida esa Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida respublika bo‘ylab tatbiq etildi.
Natijada 170 nafardan ortiq fuqaroga bepul professional advokatlik xizmatidan foydalanish imkonini beruvchi huquqiy yordam vaucherlari taqdim etildi.
Loyihaning asosiy afzalliklaridan biri – uning sodda va shaffof mexanizmga egaligi. Fuqarolar “Madad” NNTning hududiy byurolariga murojaat qilganda ularning ijtimoiy holati, huquqiy muammosi va huquqiy yordamga ehtiyoji o‘rganiladi. Belgilangan mezonlarga muvofiq deb topilgan shaxslarga huquqiy yordam vaucheri beriladi.
Ushbu vaucher asosida fuqaro o‘z hududida faoliyat yuritayotgan advokat xizmatidan bepul foydalanishi mumkin. Keyinchalik advokatlik tuzilmasi bilan shartnoma rasmiylashtirilib, huquqiy yordam ko‘rsatish jarayoni boshlanadi.
Bu mexanizm bir tomondan aholining huquqiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirsa, ikkinchi tomondan advokatura institutining ijtimoiy ahamiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Huquqiy yordam vaucheri mexanizmining ijtimoiy ahamiyati uning bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida ham qo‘llanilayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda “Madad” NNT Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda bolalarning huquqiy axborot va yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda.
Loyiha doirasida bolalar huquqlari sohasida ixtisoslashgan advokatlar tayyorlanib, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan yoki huquqiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalar hamda ularning oilalariga bepul yuridik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bu esa huquqiy yordam vaucheri mexanizmining nafaqat kattalar, balki bolalar huquqlarini ta’minlash sohasida ham samarali vositaga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlarda huquqiy yordam tizimi davlat, advokatura va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi asosida tashkil etilgan.
“Huquqiy yordam vaucheri” loyihasi mazkur ilg‘or tajribalarning milliy huquqiy tizimga moslashtirilgan namunasi bo‘lib, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur mexanizm aholining huquqiy himoyasini ta’minlash, malakali yuridik xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va huquqiy tenglik tamoyilini hayotga tatbiq etishning ta’sirchan vositalaridan biriga aylanmoqda.
Eng muhimi, mazkur mexanizm huquqiy yordamni ehtiyojmand insonlarga yaqinlashtirib, inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, huquqiy yordam vaucheri nafaqat yuridik xizmat ko‘rsatish mexanizmi, balki har bir insonning adolatga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan muhim ijtimoiy institutdir. Uning qamrovi kengayib borishi huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA