Toshkentda onkologiya bo‘yicha xalqaro mahorat darsi tashkil etildi
Toshkent shahrida ko‘krak bezi saratonini tashxislash va davolashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan uch kunlik xalqaro mahorat darsi o‘z ishini boshladi.
Tadbir “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan Fransiyaning AP-HP davlat shifoxonalari tizimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Mahorat darsida respublikaning barcha hududlaridan 70 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda. Ular orasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallarida faoliyat yuritayotgan onkomammologlar, kimyoterapevtlar, radioterapevtlar va radiologlar bor.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori ijrosining amaliy natijalaridan biri hisoblanadi.
[gallery-29908]
Keyingi yillarda mamlakatimizda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biriga aylandi.
Ta’kidlanishicha, ko‘krak bezi saratoni O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida uchraydigan onkologik kasalliklar orasida birinchi o‘rinni egallaydi.
O‘tgan 2024-yilda shu kasallik bo‘yicha mamlakatda qariyb 4700 ta yangi holat qayd etilgan. Bu esa kasallikni erta bosqichda aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishni yanada dolzarb masalaga aylantirmoqda.
Mahorat darsi davomida ishtirokchilar erta diagnostika, diagnostik ma’lumotlarni tahlil qilish, shaxsiylashtirilgan terapiya, murakkab klinik holatlarni boshqarish hamda onkologiyada xalqaro standart hisoblangan multidissiplinar yondashuv bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshiradi.
Tadbir doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Fransiyaning yirik universitet shifoxonalari tizimi bo‘lgan AP-HP o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Hujjat qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashinuvlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA