Hunar — mustaqil hayot poydevori
Bugun maktab faqat bilim beriladigan maskan emas. U yosh avlodning kelajakda o‘z o‘rnini topishi, hayotda mustaqil qadam tashlashi, kasb egallashi va o‘z mehnati bilan munosib daromad topishi uchun mustahkam poydevor yaratishi kerak. Ayniqsa, qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rgatish — kelajakka qaratilgan muhim vazifalardan biridir.
Davlat rahbari tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash hamda hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu e’tiborning amaliy ifodasini ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan turli to‘garaklar, kasbga yo‘naltiruvchi mashg‘ulotlar va zamonaviy o‘quv xonalari misolida ko‘rish mumkin.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi 24-umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan “Mening maktabim” loyihasi doirasidagi tashabbus ham ana shu ezgu maqsadlarga uyg‘unligi bilan ahamiyatli.
Maktabda o‘quvchi-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va kelajakda mustaqil hayotda asqotadigan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida zamonaviy BAOYU rusumli tikuv mashinalari xarid qilindi. Eng muhimi, maktabda alohida tikuvchilik xonasi jihozlanib, qizlarning amaliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Endi bu xonada oddiy mato bo‘lagi asta-sekin yangi libosga, oddiy g‘oya esa tayyor mahsulotga aylanadi. O‘quvchi-qizlar tikuvchilik, bichish, o‘lchov olish, matoni tanlash va unga ishlov berish, kiyim tayyorlash, bezak va dizayn asoslarini amaliyot orqali o‘rganadi.
Bu jarayonning eng qimmatli jihati shundaki, qizlar tayyor mahsulotni shunchaki ko‘rib yoki kitobdan o‘qib emas, balki o‘z qo‘llari bilan yaratishni o‘rganadi. Bir qarashda oddiy tuyulgan bu ko‘nikma aslida ularning kelajagi uchun katta imkoniyat eshigini ochishi mumkin.
Bugun maktabda o‘rganilgan tikuvchilik ertaga kasbga, kasb esa oilaviy daromad manbaiga aylanishi ehtimol. Qizlar kelajakda o‘z buyurtmalarini qabul qilishi, kichik tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, milliy va zamonaviy liboslar yaratishi, hatto boshqalarga ham ish o‘rni yaratishi mumkin. Demak, bu yerda gap faqat tikuv mashinasi yoki bir xonaning jihozlanishi haqida emas. Gap — yosh qizlarning hayotga tayyorlanishi, o‘z kuchiga ishonishi va mustaqil kelajak sari dadil qadam tashlashi haqida.

Ayniqsa, bu kabi tashabbuslar qizlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish bilan birga, ularda mehnatsevarlik, mas’uliyat, did, sabr-toqat va ijodkorlik kabi muhim fazilatlarni ham shakllantiradi. Qo‘l mehnati bilan yaratilgan har bir mahsulot esa ular uchun o‘z qobiliyatiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Zero, hunar — insonga bir umr hamroh bo‘ladigan boylik. Uni hech kim tortib ololmaydi. Bilim va kasb uyg‘unlashgan joyda esa yosh insonning imkoniyatlari yanada kengayadi.
G‘ijduvon tumanidagi 24-umumta’lim maktabida yaratilgan ushbu sharoit ana shu haqiqatning yaqqol namunasidir. Bugun tikuv mashinasi yonida o‘tirib, birinchi mahsulotini yaratayotgan qiz ertaga o‘z kasbiga ega mutaxassis, tadbirkor yoki mohir hunarmand bo‘lishi mumkin.
Shu ma’noda, “Mening maktabim” loyihasi doirasida amalga oshirilgan bu tashabbusni kelajakka tikilgan ezgu tikish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu yerda mato emas, yosh qizlarning orzulari, ishonchi va kelajagi shakllanmoqda.

Tashabbusni amalga oshirishda fidoyilik ko‘rsatgan ustozlar va mas’ullarga minnatdorlik bildirish o‘rinli. Zero, farzandga biror narsani tayyor holda berishdan ko‘ra, uni o‘z mehnati bilan yaratishga o‘rgatish — eng katta tarbiya va eng qimmatli sarmoyadir.
Hunari bor insonning qo‘lida kasb, qalbida ishonch, kelajagida esa imkoniyat bo‘ladi. Maktabda yoqilgan ana shu kichik chiroq ertaga butun bir hayot yo‘lini yoritishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri